72 yoshli bemorning yuragi 15 daqiqa ichida operasiya qilinib, chok tikilmaydigan klapan o`rnatildi.
Poytaxtimizdagi zamonaviy klinikalardan birida noyob kardiojarrohlik operasiyasi o`tkazildi. Bor-yo`g`i etti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va og`ir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi, deya xabar bermoqda SSV.
Biroq bu galgi operasiyaning noyobligi bunda emas! Chunki kam invaziv muolaja — tibbiyotda allaqachon keng ommalashayotgan usul. Aorta klapanini almashtirish amaliyoti ham kardioxirurgiyada ko`p yillardan beri mavjud.
Xo`sh, unda yangilik nimada?
Birinchi yangilik — bemorning aortasiga o`rnatilgan moslamada! Uni “kelajak avlod klapani” yoki “chok tikilmaydigan klapan” (aortaga tikilmaydi!) deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni o`rnatish uchun an`anaviy operasiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni to`xtatib qo`yish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operasiyadan bir kun o`tiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. “Yonboshlamang”, “Qimirlash mumkin emas”, “O`zingizni zo`riqtirmang”, degan taqiqlar bo`lmaydi. Bemor avvalgidek “suyagim bitsin” deb oylab korset taqishi ham shart emas. Qisqa qilib aytganda, reabilitasiya jarayoni tez va oson kechadi.
Nihoyat to`rtinchi va muhim yangilik — bunday murakkab va noyob operasiyalarni o`tkazishga barcha kardioxirurglar ham jazm eta olmaydi. Yuksak bilim va salohiyat hamda ko`p yillik tajriba bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bois ushbu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor hamyurtimiz Rustam Yorbekov boshchilik qildi.
Rustam akaning qayd etishicha, u mamlakatimizdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operasiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi O`zbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlardir.
— Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo`lmagan, — deydi R. Yarbekov. — Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operasiyalar har doim muvaffaqiyatli o`tkazilmagan. Endi esa O`zbekiston tibbiyoti yangi bosqichga ko`tarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning so`nggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yo`l bosib, katta mablag` sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi, - deydi shifokor.






