AsosiyJamiyat

Bu fidoyi inson barchamiz uchun chinakam ibrat namunasiga aylangan edi — Shavkat Mirziyoev

'Bu fidoyi inson barchamiz uchun chinakam ibrat namunasiga aylangan edi — Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

Xabaringiz bor, atoqli fermer va jamoat arbobi bugun tongda olamdan o`tdi. Uning vafoti munosabati bilan O`zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov, A.Aripov, Sh.G`aniev, X.Bozorov, A.Hayitov hamdardlik  bildirgan edi.  

Hozirgina Davlat rahbari marhumaning vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari, xususan, Farg`ona viloyati faollariga ham hamdardlik yo`lladi.

"Bugun xalqimiz og`ir judolikka uchradi",-deydi Mirziyoev so`zi avvalida.

"O`zining butun ongli hayoti va faoliyatini ona Vatanimiz ravnaqiga, mamlakatimizda qishloq xo`jaligi sohasi rivojiga bag`ishlagan fidoyi inson, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo`jaligi rahbari, O`zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a`zosi, Xalq deputatlari Farg`ona viloyati Kengashi deputati, taniqli jamoat arbobi Lolaxon Murodovaning bevaqt vafoti haqidagi xabar barchamizni chuqur qayg`uga soldi",-deydi u.

Prezident butun hayotini el-yurtga sidqidildan xizmat qilishga, O`zbekistonda qishloq xo`jaligi sohasini yanada yuksaltirishga bag`ishlab, o`zining halol mehnati, g`oyat serqirra faoliyati bilan xalqimiz o`rtasida juda katta hurmat-e`tibor qozongan bu fidoyi inson barcha uchun chinakam ibrat namunasiga aylanganini ta`kidlab o`tadi.

"Lolaxon opa dehqonchilik ilmining chuqur bilimdoni sifatida Markaziy Farg`ona hududida joylashgan qo`riq erlarni o`zlashtirishda katta jonbozlik ko`rsatib, qumloq erlarda paxta va g`alladan yuqori hosil olishga erishdi.

U xo`jalik raisi sifatida yangi erlar ochish, suv chiqarish, hosildorlik salmog`ini yildan-yilga oshirish borasida ko`plab yuqori natijalarni qo`lga kiritdi. Keyinchalik o`zi boshchilik qilib kelgan jamoa xo`jaligi negizida “Nurli obod” fermer xo`jaligini tashkil etib, o`tgan yillar mobaynida fermerlik faoliyatida ulkan yutuqlarga erishdi hamda mamlakat miqyosida eng ilg`or va tashabbuskor fermerlardan biri sifatida dovrug` qozondi.

Aytish joizki, Lola Murodova er bilan tillashgan, har bir boshoq g`alla, har bir chanoq paxta bilan sirlashgan, ayol boshi bilan cho`llarni obod qilgan, umrini xalqimizning dasturxonini to`kin-sochin qilishga bag`ishlagan zahmatkash va mirishkor dehqon edi.

Shu ma`noda, Lola opa qishloq xo`jaligi sohasida o`z maktabini yaratgan haqiqiy o`zbek dehqon ayoli timsoliga aylanib, davrimizning chinakam qahramoni sifatida yashadi.

Uning bosib o`tgan sermazmun umr yo`li haqida u hayotlik davridayoq ko`plab badiiy asarlar, film va spektakllar, dostonlar yaratildi. Bu mo``tabar ayol siymosida chinakam fidoyi va zahmatkash o`zbek xotin-qizlarining yuksak ibrat namunasi namoyon bo`ldi.

Lola Murodova davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari uchun mustaqillik yillarida “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan qishloq xo`jaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan, 2019 yilda esa “O`zbekiston Qahramoni” oliy unvoniga sazovor bo`lgan edi.

U kishi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati a`zosi sifatida respublikamizning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham har tomonlama faol ishtirok etdi",-deydi davlat rahbari yodga olib. 

Ona Vatanga cheksiz sadoqat bilan, sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilib, el-yurt o`rtasida katta obro`-e`tibor qozongan Lolaxon Murodovaning tantilik, kamtarinlik kabi olijanob fazilatlari, o`z kasbiga tuganmas mehr-muhabbati va nurli siymosi butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi, deya bildiradi Mirziyoev.

"Ushbu musibatli kunda marhumning barcha oila a`zolari va yaqinlariga hamda Farg`ona ahli faollari va keng jamoatchiligiga chuqur ta`ziya bildirib, Yaratgandan ularga sabr-toqat tilaymiz. Alloh barchamiz uchun qadrli bo`lgan Lolaxon Murodovaning oxiratini obod qilsin",- deb so`ziga yakun yasaydi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti.

    Boshqa yangiliklar