Bugun, 31 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2021 yildagi hamda 2022 yilning birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqmoqdalar. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Palata Spikeri Nurdinjon Ismoilov yalpi majlisdagi kirish nutqida parlament kun tartibidagi muhim masalalar, xususan deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda quyi palataning ko`rib chiqishida jami 28 ta qonun loyihasi bo`lib, ulardan 5 tasi birinchi o`qishga, 18 tasi esa ikkinchi o`qishga tayyorlanmoqda.
Spiker o`z nutqida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonining huquqiy asoslarini ta`minlashda parlament a`zolarining qonun ijodkorligi yo`nalishidagi faoliyatini yanada jonlantirish muhimligini ta`kidladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri quyi palatada ko`rib chiqilishi rejalashtirilayotgan «Yo`l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-prosessual kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasiga to`xtalib o`tdi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bilan bog`liq eng muhim masalalarni hal etishga qaratilgan bo`lib, bugungi kunda qonun loyihasini quyi palataning navbatdagi majlislarida ko`rib chiqish uchun barcha zarur ma`lumotlarni yig`ish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan O`zbekiston Respublikasi moliya vaziri Timur Ishmetov axborot taqdim etdi.






