Dunyoning ko`pgina davlatlarida asosiy turdagi iste`mol tovarlar narxlarining o`sishi kuzatilmoqda. BMTning oziq ovqat va qishloq xo`jaligi tashkilotining (FAO) 2022 yil mart oyidagi hisobotida dunyoda oziq-ovqat narxlari indeksi o`rtacha 159,3 punktni tashkil etgani, bu esa oxirgi 30 yilning eng yuqori ko`rsatgichi bo`lganligi qayd etilgan.
Ushbu vaziyatda qator mamlakatlar zaruriy tovarlar eksportini cheklash bilan bir qatorda o`sha turdagi tovarlarni importini rag`batlantirish bilan ichki bozordagi narhlarning barqarorligini ushlab turish choralarini ko`rmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi axborot xizmati xabar berishicha, bu vaziyat bizning mamlakatimizga ham o`z ta`sirini ko`rsatishi mumkinligi sababli narx-navoning keskin oshib ketmasligini oldini olish bo`yicha zudlik bilan chora ko`rish zaruriyati tug`ilmoqda.
Shunga asosan, “Iste`mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta`minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta`sirchanligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining bozordagi narx-navoning asossiz oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga to`sqinlik qilish holatlari bo`yicha vakolatlari kuchaytirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, bugun, 1 iyundan boshlab Toshkentdagi do`konlarda qolipli non 2800 so`mdan sotilishni boshlangani va yangi narx-navo bo`yicha aholining muhokamalariga Moliya vazirligi departamentining izohi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan tezkor o`rganishlar natijasi haqida xabar berilgan edi.






