YuNESKO ishlari bo`yicha O`zbekiston Milliy komissiyasi "Ipak yo`li yoshlar nigohida" mavzusidagi 4-xalqaro fotosuratlar tanlovini e`lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Mazkur tanlovdan ko`zlangan asosiy maqsad yoshlarning o`zaro raqamli aloqada bo`lishi, pandemiyadan so`nggi davrdagi tasavvur va umidlar hamda yoshlar ijodkorligi borasida almashuv, ularni Ipak yo`lining merosi va ruhi bo`yicha ilhomlantirish, ijodkorligini oshirishga imkon yaratish bilan izohlanadi.
To`rtinchi tanlovga Ipak yo`li umumiy merosini aks ettiruvchi quyidagi ikki mavzuga bag`ishlangan fotosuratlar taqdim etilishi mumkin:
1.E`tiqod va ma`naviyat;
2.Hamjihatlikda yashash.
Ishtirokchilarning ijodiy ishlari 19 apreldan 17 iyulgacha qabul qilinadi.
Tanlovda 14 yoshdan 25 yoshgacha bo`lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin.
Tanlov 2 yosh toifasida (14-17 va 18-25 yosh toifasida) tashkil etiladi. Har bir yosh toifasida 3 nafardan g`olib Xalqaro tanlov qo`mitasi tomonidan tanlab olinadi.
Birinchi o`rin g`oliblari professional kamera, ikkinchi o`rin egalari yarim professional kamera va uchinchi o`rin sovrindorlari esa standart rusumdagi raqamli kamera bilan taqdirlanadi.
Tanlov ruhini eng yaxshi aks ettiruvchi 50ga yaqin fotosuratlardan tashkil etilgan sayyor ko`rgazma dunyoning turli davlatlarida namoyish etiladi (pandemiya cheklovlarini inobatga olgan holda). Shuningdek, tanlovga yuborilgan eng sara fotosuratlar albom sifatida chop etiladi.
Tanlov shartlariga oid qo`shimcha ma`lumotlar bilan http://unescosilkroadphotocontest.org/participate veb-sayti orqali batafsil tanishishingiz mumkin.






