AsosiyJamiyat

"Har bir fuqaroning sog`ligi nazoratda bo`lishi kerak" — Mirziyoev

'"Har bir fuqaroning sog`ligi nazoratda bo`lishi kerak" — Mirziyoev'ning rasmi

Joriy yilning 18 mart kuni O`zbekiston rahbari tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o`tkazgan edi.

Unda aytilgan muammo va takliflar asosida, zamonaviy davolash amaliyotlarini tatbiq qilish, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, soha xodimlarining oylik maoshlarini oshirish kabi ko`plab vazifalar belgilangan edi. 

Bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida tashkil etilgan yig`ilishda shu vaqtga qadar sohada qilingan amaliy ishlar bilan birga galdagi vazifalar ham muhokama qilindi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar bermoqda.

"Inson qadri tamoyilini inobatga olib, oxirgi yillarda tibbiyot sohasida ham ko`p farmon va qarorlar qabul qildik, – dedi davlatimiz rahbari",-deydi davlat rahbari.

Shuningdek, O`zbekiston etakchisi tadbir davomida tibbiyot xodimlarining oyligini ko`tarish choralariga ham to`xtalib o`tgan.

"Global sinovlarga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining oyliklarini ko`tarish choralarini ko`rdik. Hamma joyda, eng chekka qishloqda ham tizim namoyon bo`lishi kerak. Har bir fuqaroning sog`ligi nazoratda bo`lishi kerak",-deydi u.

Yig`ilishda mutasaddilar sohada boshqaruv va moddiy sharoitlarni yaxshilash, davolash protokollarini o`zgartirish, tibbiy sug`urta tizimini kengaytirish, tibbiy ta`limni rivojlantirish yo`nalishlari bo`yicha axborot bergan. 

Avvalo, birlamchi bo`g`inga e`tibor qaratilib, joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarni ishga tushirish, mingta mahallada tibbiy punktlar tashkil qilish, aholini manzilli skriningdan o`tkazish vazifalari belgilangan. Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi ko`rib chiqilgan.  

Yig`ilishda sog`liqni saqlashning barcha bo`g`inlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirib, o`zaro bog`lash, muassasalarni zamonaviy jihozlash, pullik xizmatlar hajmi va turlarini ko`paytirish muhimligi ta`kidlangani aytiladi.

"Sanitariya-epidemiologiya tizimini transformasiya qilish, sanitariya qoidalari va standartlarini yangilash, yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ham topshiriqlar berildi",-deya xabar beriladi jarayondan.

    Boshqa yangiliklar