AsosiyJamiyat

Samarqanddagi to`yda zaharlanganlar yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi

'Samarqanddagi to`yda zaharlanganlar yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi'ning rasmi

Avvalroq Samarqanddagi to`yda 19 kishi zaharlanganligi haqida xabar bergan edik. Ushbu mavzu yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati rasmiy ma`lumot berdi. 

Unga ko`ra, 2022 yil 26 may kuni Samarqand shahar Farhod qo`rg`onida joylashgan Farhod shaharchasi MChJga qarashli “Yakkasaroy” to`yxonasida o`tkazilgan sunnat to`yi tadbirida qatnashganlardan 2022 yil 28, 29, 30 may kunlari jami 19 nafar fuqaro “Ovqatdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Jumladan, Jomboy tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo`limiga Jomboy tuman “Olmazor” mahallasida yashovchi 11 nafar fuqaro, Bulung`ur tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo`limiga “Yangiobod” mahallasida yashovchi 3 nafar fuqaro, Jomboy tuman ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasiga qarashli “Zarafshon” QVPga “Olmazor” MFYda yashovchi 5 nafar fuqarolardir.

Dastlabki epidemiologik tekshiruv va surishtiruvlar natijasiga ko`ra, barcha bemorlarda 2022 yil 27 may kuni ertalabdan ko`ngil aynish, qayd qilish, qorin sohasida og`riq, ich ketish va tana haroratining ko`tarilishi kabi bir xil klinik belgilar kuzatilgan.

Zaharlanish sabablarini o`rganish borasida bemorlar va to`y tadbiriga qatnashganlar bilan o`tkazilgan so`rov-surishtiruvlarda fuqarolar o`z kasalliklari boshlanishini Samarqand shahar “Farhod” qo`rg`onida o`tkazilgan to`y tadbirida iste`mol qilingan go`shtli assorti mahsulotlari bilan bog`liqligi aniqlandi.

Shifoxonada bemorlarga tibbiy yordam ko`rsatilgan. Oshqozoni yuvilgan, tozalovchi huqna qilingan va bemorlardan olingan biomaterial namunalari laboratoriya tahlili uchun Jomboy va Bulung`ur tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo`limlarining bakteriologiya laboratoriyalariga yuborilgan. Bemorlarda dezintoksikasion hamda simptomatik davo muolajalari o`tkazilgan.

To`y tadbirida jami 350 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etgan. Qatnashganlarni aniqlash borasida o`tkazilgan uyma-uy ko`rik va surishtiruvlarda Jomboy tuman “Olmazor” qishlog`ida yashovchi 165 nafar fuqaro, Bulung`ur tuman “Changal” qishlog`ida yashovchi 30 nafar fuqaro va Jizzax shahri “Saroyli” MFY hududida yashovchi 7 nafar fuqarolar to`y tadbirida qatnashganliklari aniqlandi. Jizzax viloyatidan kelgan fuqarolar to`g`risida Jizzax viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga xabar qilindi va ular tomonidan o`rganilganda 7 nafar fuqaroda kasallik belgilari aniqlanmagan

Bugungi kunda kasalxonadagi barcha bemorlarning holati ijobiy tarafga o`zgardi. Davolash muolajalari muvafaqqiyatli yakunlanib, barcha bemorlar uy-uyiga javob berildi va ularning sog`ligi kuzatuvga olingan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo`yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyilgan rasmiy ma`lumotda.

    Boshqa yangiliklar