Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida "odamlarni tupurib davolaydigan tabib paydo bo`ldi” izohi bilan xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat Bo`stonliq tumani IIB tezkor xodimlari va tuman DSI tomonidan hamkorlikda tekshirildi, deya xabar berdi Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati.
O`rganishlar davomida video tasvirdagi “tabib” – Bo`stonliq tumanida yashovchi, 1970 yilda tug`ilgan fuqaro B.Y. (chorvachilik bilan shug`ullanuvchi shaxs) ekanligi va u tabiblik borasida ma`lumotga ega emasligi aniqlangan.
Ma`lum bo`lishicha, fuqaro B.Y. taxminan 2 yildan buyon Bo`stonliq tumani, Oqtosh qishlog`idagi, aholi orasida “Quyoshli” deb nomlangan tepalikda odamlarga echki suti sotish bilan shug`ullanib kelayotgan.
U o`zining ko`rsatmasida, 27 may kuni “Dorivor o`simliklar haqida”gi kitobdan Chittigul ildizini kukun shaklida tomoqqa sepilsa “lorengit” kasalligini davolashi haqida o`qib, tog`dan “Chittigul” ildizini terib kelganligini va kukun shaklida maydalab, quyosh taftidan nafas olish uchun kelgan fuqarolarga trubka orqali sepib (purkab), har bir muolajasi uchun 20 ming so`mdan pul olganligini ma`lum qilgan.
Shuningdek, tekshiruv harakati davomida fuqaro B.Y. muolaja o`tkazishda foydalanib kelgan buyumlar ashyo tariqasida olingan va hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






