Joriy yilning 13 may kuni Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakolatxonasiga Kaliningrad viloyatida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshimiz B.I. og`ir tan jarohati olib, qiyin ahvolga tushib qolgani sababli Vatanga qaytishda yordam so`rab murojaat qilgan.
Ma`lum bo`lishicha, fuqaro B.I. 2021 yilning may oyidan buyon Kaliningrad viloyatida qonuniy mehnat faoliyatini olib borgan. Joriy yilning 30 aprel kuni ish joyida balandlikdan qulab tushish oqibatida oyog`i singan va uzoq muddatga mehnat faoliyatiga yaroqsiz bo`lib qolgan.
Hamyurtimizning murojaati zudlik bilan o`rganib chiqildi va 29 may kuni Fuqarolarning huquq va manfaatlarini qo`llab-quvvatlash va himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan Vatanga qaytarildi.






