Kun.uz saytida 8 aprel kuni Qarshi tumanidagi harbiy qismga xizmatni o`tash uchun yuborilgan askar Ruslan Qidiraliev uyiga tobutda qaytgani haqida maqola e`lon qilindi.
Ma`lum qilinishicha, sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning o`limiga “yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo`lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o`tkir yurak va qon-tomirlari etishmovchiligi, bosh miya va o`pka shishi” ko`rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan.
Ammo bunga ishonmagan marhumning ota-onasi jurnalistlar orqali haqiqatni yuzaga chiqarishga harakat qilishmoqda. Ular ekspertiza xulosalarida keltirganidek, yigitda qandaydir surunkali kasallik bo`lganida bu harbiy xizmat oldi o`tkaziladigan tibbiy ko`rikda ayon bo`lgan bo`lishi va uni harbiy xizmatga olishmasligini ta`kidlashmoqda.
Marhumning yaqinlari kelgusida bu kabi fojialar takrorlanmasligi uchun ham farzandlari bilan ro`y bergan holat ipidan ignasigacha tekshirilishi, ish yopdi-yopdi bo`lib ketmasligi, agar harbiy qismdagi muhit chindan rasvo bo`lsa, uni yaxshilash choralari ko`rilishi, boshqalar bundan aziyat chekmasligini istashmoqda.
Bosh prokuratura axborot xizmatining ma`lum qilishicha, holat yuzasidan Qarshi harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat sinchkovlik bilan, har tomonlama, to`la va xolisona tekshirib chiqiladi va natijasi haqida qo`shimcha xabar qilinadi, – deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.






