Joriy yil turkiy davlatlarda “Yoshlar tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash yili” deb e`lon qilingan edi. Shu munosabat bilan joriy yilning 3-4 iyun kunlari Buxoro shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining IV "Yosh liderlar forumi" o`tkaziladi, deya xabar bermoqda viloyat matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, mazkur “Yosh liderlar forumi” 2018 yildan buyon turizmni rivojlantirish, davlatlar o`rtasida o`zaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish maqsadida an`anaviy tarzda o`tkazilib kelinadi. Shu kunga qadar ushbu forum Ozarbayjon, Qozog`iston va Qirg`iziston Respublikalarida o`tkazilgan.
Forumda ilk marotaba Buxoro shahri “Birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti” deb tantanali ravishda e`lon qilinishi, Yoshlar markazida esa “Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti” monumenti va “Turkiy dunyo yoshlari bog`i” ochilish marosimi bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.






