AsosiyJamiyat

"Men telefondan deyarli foydalanmayman" 56-xalqaro Mendeleev olimpiadasi oltinmedali sohibi Azimjon Jamolov muvaffaqiyati siri va tengdoshlarining eng katta dushmani haqida...

'"Men telefondan deyarli foydalanmayman"  56-xalqaro Mendeleev olimpiadasi oltinmedali sohibi Azimjon Jamolov muvaffaqiyati siri va tengdoshlarining eng katta dushmani haqida...'ning rasmi

Kimyo fani bo`yicha xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari g`olibi va sovrindori Azimjon Jamolov hozirda Prezident ta`lim muassasalari agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11 sinfida tahsil oladi. U 57-xalqaro Mendeleev olimpiadasida o`zining mukammal bilimini yana bir bor isbotlab, oltinmedal sohibi bo`ldi... Azimjon Jamolovning bu muvaffaqiyati boshqa tengdoshlarini ham yuqori marralar sari undasa ajabmas...

— Inson o`zining kichik-kichik muvaffaqiyatlaridan ham quvonishi kerak, deb o`ylayman. Chunki kichik g`alabalar kattasi sari yo`l ochadi. Mening ham hayotimda shunday voqea yuz bergan. Buni hali-hanuz quvonch bilan eslayman. O`shanda Yunusobod tumanidagi 51-maktabda o`qirdim. 8-sinfda kimyo fanidan olimpiadaning tuman bosqichida birinchi o`rinni qo`lga kiritganman. Bu g`alabam kimyo faniga bo`lgan qiziqishimni oshirib, o`z ustimda ishlashimga turtki bo`lgan.

“Imkoni boricha telefondan kamroq foydalanaman”

— Ustozlarimiz vaqtning tutqichi yo`qligini, juda tez o`tib ketishini bot-bot takrorlashadi. Shu sababdan bo`sh vaqtlarimdan ham unumli foydalanishga harakat qilaman. Bugungi kunda do`stlarimning vaqtini o`g`irlovchi eng xavfli dushmani bu – telefon. Shu sababdan ham men telefon vositalaridan kamroq foydalanaman. Kimyo fanini mukammal o`rganishda ko`p ma`lumotlarni, yangiliklarni internetdan qidirishga to`g`ri keladi. Shunday holatlarda telefon va internet vositalaridan foydalanaman.

“G`alabalarim ortida tinimsiz mehnat yotadi”

— Hech narsa o`z-o`zidan sodir bo`lmaydi. Barcha muvaffaqiyatlarning zamirida izlanish va tinimsiz mehnat yotadi. Albatta, bu yo`lda ota-onam, yaqinlarim va ustozlarimning yordami, qo`llab-quvvatlashi ham katta rol o`ynagan. Chunki doim ham g`alaba qozona olmagan tanlovlar bo`lgan. Muvaffaqiyatsizlikka uchragan vaqtlarimda yaqinlarimning ko`magi, ustozlarimning maslahatlari bilan tushkunlikdan chiqishda o`zimda kuch topa olaman. O`zimga o`zim yanada qattiqroq mehnat qilishim kerakligi, shunda o`z oldimga qo`ygan maqsadimga etishishim mumkinligini uqtirishga harakat qilaman. 

“Kimyo fani boshqa fanlarga qaraganda murakkabroq”

— Barcha fanning o`ziga yarashi qiyinchiligi bor. Men uchun esa kimyo fani murakkab tuyiladi. Bu fanning o`ziga xos rang-barangligi bor. Shu sababdan bo`lsa kerak, bu fan yoshligimdan meni o`ziga maftun qilgan. Hozirga qadar ushbu fan yo`nalishida 10 dan ortiq mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarining g`olibi va sovrindori bo`lganman.

“Erishgan muvaffaqiyatlarim zamirida maktabda yaratilgan shart-sharoitlarning o`rni beqiyos”

— Kimyo fani amaliyotga asoslanadi. Shu sababdan ham laboratoriya xonasi kerak bo`ladi. Olimpiadaga qadar turli viloyatlardan saralab olingan iqtidorli yoshlar jamoasi shakllantirildi. Toshkent shahridagi Prezident maktabida tayyorgarlik jarayonlari bo`lib o`tdi. Bizga shu kabi xalqaro olimpiadalarda g`oliblikni qo`lga kiritgan murabbiylar tahsil berdi. Laboratoriya xonasida har bir o`quvchi uchun alohida-alohida laborator jihozlar berilgan edi. Shu sababdan ham biz 57-xalqaro Mendeleev olimpiadasida yaxshi natija ko`rsatdik.

“Kelajakda o`zim ham o`quvchilarni xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlayman”

— Joriy yilda umumta`lim maktabini tamomlagach, o`z yo`nalishimga mos chet el universitetlarida tahsil olmoqchiman. U erda kimyo fani bo`yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni mukammal o`rganib, yurtimizga qaytaman. Kelajakda o`zim kabi xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etadigan o`quvchilarni tayyorlashga o`z hissamni qo`shmoqchiman. Tengdoshlarimga doim o`z maqsadlari sari intilishlarini, kichik to`siqlarda to`xtab qolmay, yana davom etishlarini maslahat berardim. Shundagina o`z orzulariga, maqsadlariga erishishadi.

Fayzullo YaHYoEV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar