Xabaringiz bor, 2021 o`quv yilidan ingliz tili o`qituvchilari S1 darajaga (IELTS 7.0) ega bo`lsa, oylik maoshlariga 50% ustama haq to`lanishi boshlandi. Bu, avvalambor, pedagoglar uchun katta motivasiya, bilimlarini yanada oshirib, darslarni sifatli va qiziqarli o`tishlari uchun eng yaxshi imkoniyatdir. Ammo Xorijiy tillarni o`rganishni ommalashtirish agentligining nashrimizga ma`lum qilishicha, hozirda yuqoridagi qulayliklardan oqilona foydalanish o`rniga, IELTS 7.0 test sertifikatlarni soxtalashtirib, o`zini va tashkilotlarni aldamoqchi bo`lganlar ham ko`paymoqda.
Azimjon HUSANOV,
Xorijiy tillarni o`rganishni ommalashtirish agentligi direktor o`rinbosari:
— Agentligimizga “Bir tanishim qalbaki bo`lsa ham ustama olyapti ekan, uni tekshirish qiyinmi” kabi ko`plab savollar kelmoqda. O`zbekistonda IELTS, TOEFL, TESOL va boshqa ko`plab xalqaro sertifikatlarni turli kompyuter dasturlari yordamida o`zgartirib, yuqori ball ko`rsatib reklama qilayotgan o`quv markazlar yoki ustama uchun taqdim qilayotgan o`qituvchilar haqida ko`pchilikning xabari bor. Facebook, instagram va ko`plab internet nashrlarida reklama qilingan xizmatlar orasida ayni shunday qalbaki sertifikatlarni uchratish mumkin. Ishga kiruvchilar orasida ham soxta sertifikatlar uchrab turadi.
Nima sababdan bu holatlar ko`paymoqda?
— Sertifikatini asli ekanligini tekshirish imkoniyatiga juda kam tashkilotlar ega. Ko`pchilik qanday qilib tekshirishni ham bilmaydi. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi bo`yicha («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish») jinoiy ish qo`zg`atilishi haqida ma`lumotga ega emas.Ta`lim berish bu eng xayrli va fidoiylik talab qiladigan ishlardan biri. Ushbu sohadagi ayni shunday noinsof shaxslarning borligi, albatta, achinarli holat...
Qanday qilib IELTS sertifikatini tekshirish mumkin?
— Bu juda oson.
1. Sertifikatga e`tibor bering. Undagi maxsus kod o`chirilmagan (berkitilmagan) bo`lishi lozim. Maxsus sonlardan iborat kod sertifikatning eng pastki o`ng qismida yozilgan.
2. Ushbu kodni maxsus sayt orqali tekshirish mumkin. https://ielts.ucles.org.uk/ielts-trf/
3. Ushbu saytdan ro`yxatdan o`tish uchun tashkilot haqidagi anketa to`ldiriladi. Muassasa-tashkilot rahbari tomonidan mas`ul shaxs tayinlanadi va u haqidagi ma`lumot xat tarzida saytga yuklanadi. Tashkilotning rasmiy sayti va mas`ul shaxs uchun ochilgan rasmiy elektron pochtasi bo`lishi lozim. Misol uchun: tashkilot sayti www.flpa.uz, tashkilotdagi mas`ul xodim elektron pochtasi ismfamilyasi@flpa.uz,
mail.ru, gmail.com kabi saytlar emas, tashkilot rasmiy pochtasi bo`lishi kerak.
4. Yuqoridagi shartlar bajarilgach, IELTS bo`yicha mas`ul tashkilot sizga saytdan foydalanish uchun login va kirish kodini yuboradi.
Ushbu xizmatlardan oliy o`quv yurtlari, nodavlat ta`lim muassasalari, davlat organlari va xususiy tashkilotlari bepul foydalanishi mumkin.
To`g`ri, hozir kimnidir aldab yoki bilib-bilmay soxta sertifikatlarni ishlatayotganlar bordir, ammo vaqti kelib mutasaddi tashkilotlar tomonidan barcha hujjatlar tekshirilganda nafaqat har bir to`langan mablag`, shu bilan birga sud orqali katta jarima va boshqa jazo turlari qo`llaniladi.
Shunday ekan, tadbirkorlik faoliyati qo`llab-quvvatlanayotgan va o`qituvchilar uchun katta imkoniyatlar berilayotgan bir vaqtda, bizga berilgan vakolatlarni suiiste`mol qilmaylik. Halollik ishimizga baraka va unum beradi.
Maftuna JO`RAEVA tayyorladi






