Milliy valyuta “So`m ramzi”ni ishlab chiqish bo`yicha o`tkazilgan tanlov natijalari sarhisob qilindi.
🔸Milliy valyuta ramzini ishlab chiqish bo`yicha tanlov ikki bosqichda o`tkazildi.
🔸Saralash bosqichi tanlov tashkiliy qo`mitasi tomonidan o`tkazildi va quyidagilarni o`z ichiga oldi:
▪️dastlabki saralash – har bir tanlov loyihasini texnik talablarga muvofiqligini ko`rib chiqish (ishlab chiqilgan elementlar bo`yicha to`liq ma`lumotlarni va ahamiyatini aks ettiruvchi konsepsiya; imzolangan ariza; yuborilgan arizada barcha hujjatlarning ilova qilinganligi).
🔸Natijada 508 ta ijodiy loyiha tanlab olindi va ularning har biriga maxfiylikni ta`minlash maqsadida individual shifr raqamlari berildi.
▪️Texnik ekspertiza – shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov mezonlariga muvofiqligi bo`yicha tekshirildi. Natijada 54 ta shifrlangan ijodiy loyihalar tanlov hakamlar hay`atiga ko`rib chiqish uchun taqdim etildi.
🔸Tanlovning yakuniy bosqichida shifrlangan loyihalar Markaziy bank, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Intellektual mulk agentligi vakillari tomonidan baholandi.
🔸Hakamlar hay`ati a`zolari tanlov ishlarini quyidagi mezonlarga muvofiq baholadi:
▪️o`ziga xoslik (unikal) va originallik;
▪️universallik;
▪️oson tanib olinishi;
▪️ramziy va farqli jihatlari;
▪️so`m ramzining turli formatlarda grafik qo`llanilishining qulayligi.
🔸Tanlov natijalariga ko`ra, hay`at tomonidan O`zbekiston milliy valyutasi – “so`m”ning o`ziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ loyiha sifatida Jumagaldiev Sarvar tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olindi.
🔸G`olibni tabriklaymiz! Taqdirlash marosimi sanasi bo`yicha ma`lumot g`olibga shaxsan e`lon qilinadi. Barchaga ishtirok uchun minnatdorchilik bildiramiz!
Ma`lumot uchun: keng jamoatchilikni pul birligi ramzini yaratishga jalb qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan Milliy valyuta “So`m ramzi”ni ishlab chiqish bo`yicha tanlov joriy yilning 8 fevralidan 31 martiga qadar o`tkazildi. Joriy yilning 1 aprel holatiga milliy valyuta ramzini ishlab chiqish bo`yicha o`tkazilgan tanlovga yuborilgan arizalarning umumiy soni 17 mingdan ortiqni tashkil etdi.






