Toshkentda MAN rusumli avtobus va Nexia-3 rusumli engil avtomobil ishtirokida YTH sodir bo`ldi. Holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ matbuot xizmati rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, kecha, 3 iyun kuni soat 16:27 da Nexia-3 rusumli, davlat raqami 01| 891 | JB bo`lgan engil rusumli avtomobil haydovchisi U.O avtomobilni KXY ko`chasi bo`ylab Bunyodkor shoh ko`chasi tomonga boshqarib borayotib, belgilangan yo`l harakati qoidalariga rioya qilmasdan undan oldinda harakatlanib ketayotgan transport vositasi bilan oraliq masofa saqlamaganligi hamda katta tezlikda harakatlanganligi sababli oldidagi piyodalarni o`tkazish uchun to`xtagan “7-Avtobus saroyi” filialiga biriktirilgan, davlat raqami 01| 132 | YFA, saroy raqami 132-bo`lgan “MAN” rusumli, 69-yo`nalish haydovchi X.X (1976-yilda tug`ilgan, staji 18 yil) boshqaruvidagi avtobusni orqasiga kelib urilgan. Natijada engil avtomobil haydovchisi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida vafot etgan.
Hozirda mazkur yo`l-transport hodisasi bo`yicha Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. “Toshshahartransxizmat” AJning Harakat xavfsizligini nazorat etish bo`limi tomonidan xizmat surishtiruvi o`tkaziladi.