Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevning 30 maydagi qarori bilan "Toshkent-2" xalqaro terminali va ichki qatnovlar uchun mo`ljallangan "Toshkent-3" terminalining avtoturargohlari, shuningdek, poytaxt aeroporti hududiga tutash joylardagi avtoturargohlar "Uzbekistan Airports" balansiga o`tkaziladi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur hududlarni kompaniya ixtiyoriga o`tkazish davlat rahbarining 2021 yil 30 apreldagi "Fuqarolik aviasiyasi korxonalarini transformasiya qilish va qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorida ko`zda tutilgan edi.
"Ushbu hududlarning o`tkazilishi avtoturargohlarni avtomatlashtirish, aerovokzal oldidagi hududlarni qaytadan qulay loyihalashtirish, yo`lovchilarni kutib oluvchilar va kuzatuvchilar uchun ko`proq qulayliklar yaratish hamda o`z echimini kutayotgan taksi xizmati bilan bog`liq muammolarni hal qilish imkonini beradi. Avtoturargohlarda to`xtash joyi uchun to`lovni inson omilisiz amalga oshirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, kompaniya avtoturargohlarning joylashuvi va ulardan foydalanish davomiyligini (soat, sutka) hisobga olgan holda moslashuvchan tarif tizimini ishlab chiqmoqda", — dedi “"Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva.
Qayd etilishicha, shahar hokimining qarori bu boradagi ilk qadam bo`ldi. Keyinchalik, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan avtoturargohlarni baholash va aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushini oshirish bo`yicha tegishli buyruq qabul qilinadi. Shundan so`ng tegishli tartibda yagona aksiyador — Moliya vazirligi tomonidan davlat kompaniyaning ulushini oshirish va avtoturargohlar qiymatini ustav kapitaliga kiritish to`g`risida qaror qabul qilinadi. Va nihoyat, barcha amalga oshirilgan ishlar yakuni bo`yicha kadastr hujjatlarini Kadastr agentligi tomonidan “Munisipal mulklarni boshqarish markazi” DUKdan "Uzbekistan Airports" AJ nomiga qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi.






