Xabaringiz bor, Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 15 martdan 15 mayga qadar “Sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o`tkazildi.
Aksiya davomida, soha xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish bo`yicha adliya organlari tomonidan 23 mingdan ortiq targ`ibot tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, telekanallarda 130 dan ortiq, radioda 580 dan ortiq chiqishlar qilindi, 4,1 mingdan ortiq sayyor qabullar, seminar va davra suhbatlari o`tkazildi, veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda 11 ming marotabadan ziyod ma`lumotlar joylashtirildi va boshqa turli shakllarda targ`ibot tadbirlari amalga oshirildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Shuningdek, soha bo`yicha adliya organlariga 7 821 ta murojaatlar kelib tushgan bo`lsa, shundan, 5 674 tasi (72,5 %) qanoatlantirildi, 1 006 ta murojaat bo`yicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 51 ta murojaat tegishliligiga ko`ra vakolatli organlarga yuborildi.
Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (1 010 ta), Farg`ona (981 ta) va Buxoro (811 ta) viloyatlariga to`g`ri keldi.
Vazirlik tomonidan sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlariga ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar
va kompensasiyalarning to`lanib borishi holati monitoring o`tkazish yo`li bilan ham o`rganildi.
O`rganishlar davomida:
ish haqining belgilangan muddatda to`lanmasligi holatlari (7 573 ta);
ustamalarning to`lanmasligi holatlari (3 500 ta);
foydalanilmagan ta`tillar uchun pullik kompensasiya to`lab berilmasligi holatlari (318 ta);
xodimlarni mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga qabul qilish holatlari (2 489 ta);
olis hududlarda ishlovchi oliy ma`lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensasiya pullarining to`lab berilmasligi holatlari (315 ta);
birlamchi va davriy tibbiy ko`rikdan o`tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo`lgan holatlar (90 509 ta);
majburiy mehnatga jalb qilish holatlari (19 ta) va boshqa ko`plab qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
30 oktyabrdagi PF-6099-son Farmoniga asosan 2021 yil 1 yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, sog`lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ`ibotchisi” qo`shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yo`lga qo`yilib, ushbu tadbirni moliyalashtirish ijrochilarning byudjetdan tashqari mablag`lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Adliya organlari tomonidan o`tkazilgan monitoring davomida Qo`qon shahrida 30 nafar, Karmana tumanida 31 nafar, Kattaqo`rg`on tumanida
19 nafar, Qo`rg`ontepa tumanida 23 nafar, Sirdaryo viloyatida 25 nafar “Sport targ`ibotchisi” qo`shimcha vazifasi yuklatilgan o`qituvchilarga 20 foiz miqdorida ustama to`lovlari to`lanmayotganligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 391-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy turdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari to`g`risida nizomga ko`ra, davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotida rahbarlar, pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek, tarbiyachilar yordamchilari lavozim maoshlariga hamda tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida qo`shimcha to`lov to`lanishi belgilangan, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-4306-son qaroriga ko`ra, ta`lim muassasalarida o`qituvchi bo`lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g`oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g`oliblari lavozim maoshiga har oy
100 foizlik ustama haqi to`lanishi belgilangan, shuningdek, boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlari manfaatida turli imtiyozlar belgilangan bo`lsa-da, xodimlar amaliyotda ushbu huquqlardan foydalanishda ish beruvchi tomonidan turli to`sqinlik qilish holatlari duch kelmoqda.
Jumladan, Marhamat tuman xalq ta`limi bo`limi tizimidagi 27-son,
39-son va 40-son davlat umumiy o`rta ta`lim maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan hamda fanlar bo`yicha asosiy olimpiadalarida respublika bosqichi g`olibligini qo`lga kiritgan 3 nafar pedagoglarga 2021 yil va 2022 yil yanvar-fevral oylari uchun jami 163 mln. so`m miqdordagi ustama haqlar to`lab berilmaganligi aniqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 maydagi “O`zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o`rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-5117-son Qaroriga ko`ra, 2021/2022 o`quv yilidan boshlab umumiy o`rta, o`rta maxsus va professional ta`lim muassasalari o`qituvchilarining kamida S1 darajadagi xalqaro sertifikatni olish uchun imtihon topshirish bilan bog`liq xarajatlari Davlat byudjetidan pedagog kadrlar malakasini oshirish uchun ajratiladigan mablag`lar, davlat oliy ta`lim muassasalari o`qituvchilarining xarajatlari esa oliy ta`lim muassasalarining o`z mablag`lari hisobidan qoplanishi lozimligi belgilangan bo`lsa-da, amaliyotda imtihon topshirish bilan bog`liq xarajatlarning qoplab berilmasligi holatlari kuzatilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 noyabrdagi “O`zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta`lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-6108-son Farmoni hamda 2020 yil 13 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish
va sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-6110-son Farmoniga zid ravishda, 315 ta holatda olis hududlarda ishlovchi oliy ma`lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensasiya pullari to`lab berilmaganligi aniqlandi.
Adliya organlari tomonidan sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 1 985 ta taqdimnoma, 2 331 ta ogohnoma, 404 ta ma`muriy va 5 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga 14,3 mlrd. so`mlik 3 311 ta da`vo arizalari kiritildi.
Ko`rilgan ta`sir choralari natijasida 13,7 mlrd. so`m mablag`lar (ish haqi, ustama va boshqa to`lovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, 1 001 ta hujjat bekor qilindi, 643 ta shaxs intizomiy, 128 ta shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birga, ishga qabul qilishda mehnat shartnomasi tuzilmagan 30 089 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilishida amaliy yordam ko`rsatildi.






