Sal avval, xorijiy ommaviy axborot vositalari manbalariga asoslanib, Rossiya Federasiyasi tomonidan O`zbekiston fuqarolari uchun temir yo`l transporti orqali mamlakatga kirish uchun cheklovlarni bekor qilish to`g`risida xabar berilgan edi.
Ayni paytda O`zbekiston Transport vazirligi holat bo`yicha rasmiy axborot e`lon qildi.
Ta`kidlanishicha, kuni kecha, 2022 yil 3 iyun kuni Rossiya Federasiyasining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo`yicha operativ shtabning yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilish kun tartibida Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston Respublikasi o`rtasida xalqaro yo`lovchi poezdlari harakatini muntazam ravishda tiklash masalasi ko`rib chiqildi.
Muhokama natijalariga ko`ra, operativ shtabning a`zolari tomonidan 2022 yil 14 iyundan boshlab temir yo`l transporti orqali kelgan xorijiy fuqarolarga epidemiologik cheklovlarni bekor qilish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Ayni paytda, ikki davlat temir yo`l ma`muriyatlari tomonidan ushbu masala ishlab chiqilmoqda, ya`ni tashuv jarayonini tashkil etish, yo`lovchi poezdlarining harakatlanish jadvalini ishlab chiqish, yo`nalishlarini belgilash, yo`l kiraning narx siyosati va boshqa qator zarur bo`lgan masalalar ishlab chiqilmoqda.
Rossiya Federasiyasiga temir yo`l transporti harakatini tayinlash to`g`risidagi xabar va barcha masalalar ishlab chiqilgandan so`ng darhol e`lon qilinadi.






