Mamlakatimizda o`tkazilayotgan futbol bo`yicha U-23 Osiyo kubogida O`zbekiston Olimpiya terma jamoasi ikkinchi uchrashuvini o`tkazdi. Qatarga qarshi kechgan bahsda vakillarimiz yirik 6:0 hisobida g`alaba qozonib, muddatidan avval chorak final yo`llanmasini qo`lga kiritishdi.
Gollarga: Jasur Jaloliddinov 5, Hojimat Erkinov 20, Husayn Norchaev 45+2, Ulug`bek Hoshimov 60, Ayman (avtogol) 63, Ruslanbek Jiyanov 67 mualliflik qilishdi.
Qayd etish joiz, bu musobaqa tarixidagi (U-23 turnirida) eng yirik g`alaba bo`ldi. Endi jamoamiz uchinchi tur uchrashuvini 7-iyun kuni Eronga qarshi Qarshida o`tkazadi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida eronliklar Turkmaniston yoshlariga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi.
2-tur uchrashuvidan so`ng qatarliklar bosh murabbiyi Nikolas Kordova uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
"Uchrashuv boshida kiritilgan tezkor gol barcha rejalarimizni o`zgartirib tashladi. O`zbekiston bugun haqiqatda kuchli o`ynadi. Uzun paslar va bo`sh zonalardan foydalanishda raqiblarimiz ustunlik qilishdi. Gollarning ketma-ket kiritilishi ham har tomonlama salbiy ta`sir o`tkazdi. Bugun mezbonlar ajoyib uchrashuv o`tkazdilar. Futbolda shunday o`yinlar ham bo`lib turadi. Endi bor e`tiborimizni keyingi hal qiluvchi bahsga qaratamiz. Unda bor kuchimizni berib g`alaba qozonishga, pley-off bosqichiga chiqishga harakat qilamiz, – dedi qatarliklar murabbiyi.
– Uchrashuv davomida deyarli har bir aniq zarba gol bo`ldi. Bunda darvozaboningizni ayblaysizmi?
– Yo`q, bunday demagan bo`lar edim. Bu bir o`yinchiga bog`liq bo`lmagan vaziyat. Maydonda nima sodir bo`lgan bo`lsa, barchasida qolgan o`yinchilarning ta`siri bor.
Olimpiya terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze ham matbuot anjumanida ishtirok etib, uchrashuv haqida o`z fikrlarini bildirdi.
"Avvalambor, barchani g`alaba bilan tabriklayman. Muxlislar bizga katta motivasiya berishdi", - Timur Kapadze.
– Uchrashuvda bunday yirik hisob bo`lishini kutganmidingiz?
– To`g`risi yo`q. Barchasi vaziyatlardan unumli foydalanishimiz bilan butunlay o`zgarib ketdi. Bugun yigitlar ajoyib harakat qilishdi. O`yin shiddatli bo`ldi. Tayyorgarlikdan tashqari emosiya ham g`alabamizga ijobiy ta`sir o`tkazdi.
– Avvalgi o`yin bilan solishtirganda o`yinda ancha farq bo`ldi. Buning sababi nima?
– Bu uchrashuvga dastlabki bahsdan ham yaxshiroq tayyorlandik. Turkmaniston asosan himoyaviy o`yin ko`rsatgani uchun "qobiq"ni yorib o`tishga juda qiynalgan edik. Bugun ochiq o`yin bo`lishi bizga juda qo`l keldi. Ko`pchilik Turkmanistonni o`tgan tur mensimagan edi. Mana, ular bugun Eronni mag`lub etib, keyingi bosqichga chiqishga yaqin turishibdi.
– Qatarning bunday yirik hisobda mag`lub bo`lishiga muxlislarning qanday ta`siri bo`ldi, deb o`ylaysiz?
– Bunaqa g`alabalarda muxlislarning ham o`z kuchi bor. Lekin biz raqibni yaxshi o`rgangandik. Individual va taktik jihatga asosiy e`tiborimizni qaratdik. Ko`rindiki, biz ulardan yaxshiroq tayyorlangan ekanmiz.
– Keyingi o`yin Qarshida bo`ladi. Safarga tayyormisizlar?
– Keyingi uchrashuvga ertalabdan harakatni boshlaymiz. Tush vaqti Qarshiga yo`l olamiz. Orada tayyorgarlik uchun 2 kun bor. O`ylaymanki, Qarshida bundan ham yaxshi atmosfera bo`ladi. Muxlislar bizni u erda ham yuqori darajada qo`llab turishlariga ishonaman.






