AsosiyJamiyat

Haj narxi nega qimmatlashganiga izoh berildi. Unga ko`ra...

'Haj narxi nega qimmatlashganiga izoh berildi. Unga ko`ra...'ning rasmi

Avvalroq Din ishlari bo`yicha qo`mita axborot xizmatining xabariga ko`ra, "Haj-2022" mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to`lov miqdori 62 million 900 ming so`m etib belgilanganligi haqida ma`lum qilgan edik.

Ushbu xabar ko`pgina ijtimoiy tarmoqlarda ham keng tarqalib, aholining e`tirozlariga va ko`plab savollariga sabab bo`ldi. Ko`plab muhokamalarga sabab bo`layotgan narx yuzasidan O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati quyidagicha izoh berdi:

Birinchidan, “Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to`lov miqdori 62 million 900 ming so`m so`m etib belgilangani va ushbu to`lovga nimalar kirishi haqida to`xtalib o`tsak.

Avvalo, Saudiya hukumati tomonidan Haj safari narxiga ta`sir qiluvchi qo`shimcha soliq va majburiy to`lovlar joriy qilinganini, shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to`lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshganini aytib o`tish lozim.

Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to`lovlar joriy etilgan.  Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o`rtacha 40-45 foizga ko`tarilgan.

O`rganishlar natijasida ayrim davlatlarda haj safari uchun “Iqtisodiy”, “Lyuks” va “VIP” paketlarda xizmat ko`rsatilmoqda.

Eng e`tiborli jihati – O`zbekiston tomoni Saudiya bilan olib borilgan uzoq muzokaralar natijasida ziyoratchilarimiz uchun iqtisodiy paket narxiga lyuks darajasidagi xizmat ko`rsatishga erishdi va to`lov uchun o`rta narxni belgiladi.

Eslatib o`tamiz, ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming AQSh dollarigacha etib belgilangan.

Ikkinchidan, yurtdoshlarimiz joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar. Aslida, mazkur mehmonxonalar lyuks darajasida xizmat ko`rsatadigan mehmonxonalar sirasiga kiradi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydilar.

Ushbu mehmonxonalar yuqori sig`imli ekani, muqaddas qadamjolarga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi barcha hojilarimizni bir vaqtda joylashtirish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, yurtimiz ziyoratchilarining safar davomiyligi ayrim qo`shni davlatlar ziyoratchilari singari 14-17-20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham, tabiiy ravishda, narxlarga o`z ta`sirini ko`rsatadi.

To`rtinchidan, yana bir muhim jihat – joriy Haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha to`lovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining “Haj elektron portali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirildi. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud bo`lib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu erning o`zida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.

Beshinchidan, joriy mavsumda mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada ko`tarildi. Shunday bo`lsa-da, iqtisodiy paket olindi va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar ko`rsatishga erishildi.

Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan bo`lsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma to`shaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasa-da, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqatlar tortiq etiladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko`rsatiladi.

Oltinchidan, Haj uchun to`langan mablag` ichiga quyidagilar kiradi:

  • Haj vizasi;
  • Aviabilet;
  • Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
  • Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
  • Madina shahrida Uhud tog`i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
  • Makka shahrida “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
  • Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
  • 24 soat tibbiy xizmat;
  • Hojilarning tibbiy sug`urtasi;
  • 24 soat transport xizmati;
  • 3 mahal issiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
  • Haj qo`llanmasi;
  • Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
  • «Zamzam» suvi (5 litr);
  • Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
  • Madinai munavvaraga to`g`ridan-to`g`ri aviareys;
  • Qurbonlik.

Yuqoridagilardan ham anglagan bo`lsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat ko`rsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar