Internet tarmog`ida tarqalgan xabarlardan birida Yunusobod tumanida joylashgan bozorlarning birida tilanchilik qilayotgan ayol ikki nafar voyaga etmagan farzandlari bilan yordamga muxtojligi aytildi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari mazkur fuqarolarni izlab topishdi. Bu haqda Bosh boshqarma matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, ayol va uning farzandlari - 6 va 2 yashar kizlari IIBga olib kelindi va shaxsi aniqlandi. Toshkent viloyati Qibray tumanida yashagan 36 yoshli Zilolaning so`zlariga ko`ra, qizlarning otasi unga moddiy yordam berishdan va farzandlarning tartibyasi bilan shug`ullanishdan bosh tortgan. Moddiy qiyinchilikka duch kelgach poytaxtga ishlash maqsadida kelgan. Kasbi va ishi bo`lmaganligi bois, Zilola tilanchilik qilishga majbur bo`lgan. Hozirgi kunda Bektemir tumanida joylashgan nonvoyxonalarning birida vaqtincha ijarada yashab yurganligini bildirdi.
Qiyin axvolga tushib qolgan Zilolaga yordam ko`rsatish maqsadida Bektemir tumani Xotin-qizlar katta inspektori podpolkovnik Muborak Axunxodjaeva bilan bog`lanildi. Zilolaning yashash sharoiti o`rganilib nonvoyxonaga ishga joylashishida va ushbu xonadonga vaqtinchalik ruyxatga qo`yilishida amaliy yordam ko`rsatildi.
Shuningdek, yo`qotib qo`ygan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport)ni tiklash uchun Qibray tumani Ichki ishlar bo`limiga xat orqali murojaat qilindi hamda ayolni psixologik ruhiyatini ko`tarish maqsadida inspektor-psixolog tayinlandi.






