AsosiyJamiyat

Yangi O`zbekiston universiteti talabalariga qanday grantlar ajratiladi?

'Yangi O`zbekiston universiteti talabalariga qanday grantlar ajratiladi?'ning rasmi

Joriy yilning 25 apreldan Yangi O`zbekiston universitetida 2022-2023 o`quv yili uchun qabul jarayonlari boshlangan. Mazkur jarayonlar 20 iyun sanasiga qadar davom etadi, deya xabar bermoqda Axborot xizmati.

Universitetda iqtidorli talabalarning ta`lim olishini qo`llab-quvvatlash uchun davlat granti quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

a) xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International  Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;

b) Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan:

- xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g`oliblari;

- ta`lim yo`nalishlari bo`yicha belgilangan umumiy qabul kvotalarining 5 foizi miqdorida ajratilgan kvota bo`yicha o`qishga qabul qilingan Prezident ta`lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari;

- “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari.

Ma`lumot o`rnida: "Yangi O`zbekiston" universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi to`g`risidagi nizomning 11-bandiga muvofiq davlat granti taqdim etilgan stipendiatlar uchun butun o`quv yillari mobaynida to`liq davlat grantini taqdim etish tartibi saqlab qolinadi.

c) Universitetga kirish imtihonlaridan eng yuqori ball to`plagan O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga davlat granti bir o`quv yili uchun quyidagi ko`rinishda tabaqalashtirilgan tartibda ajratib beriladi:

10% talaba uchun 100%lik grant;

10% talaba uchun 70%lik grant;

15% talaba uchun 50%lik grant.  

Eslatib o`tamiz: ushbu tabaqalashtirilgan grant dasturi faqat bir o`quv yili uchun mo`ljallangan. Talabaning keyingi o`quv yilida to`liq yoki qisman grant yoki to`lov shartnoma asosida tahsilni davom ettirishi uning avvalgi o`quv yilida erishgan akademik ko`rsatkichiga bog`liq bo`ladi, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar