Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelib tushgan murojaat asosida Qibray tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 470,6 mln. so`mlik issiq ovqat bilan ta`minlash yuzasidan autsorsing xizmati uchun o`tkazilgan tanlov hujjatlari o`rganib chiqildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati ma`lum qildi.
O`rganish mobaynida tanlovda xarid komissiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 yanvardagi 16-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko`rsatish tartibi to`g`risidagi” Nizom talablari buzilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, qayd etilishicha, tanlov 3 nafar komissiya a`zolarining ishtirokisiz va xabarisiz ularning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda sun`iy ravishda o`tkazilganligi ma`lum bo`lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan xarid komissiyasining qarori (yig`ilish bayoni) va shu asosida tanlov g`olibi bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish masalasini ko`rib chiqish bo`yicha Qibray tumani tibbiyot birlashmasiga joriy yilning 31 may kuni taqdimnoma kiritilgan.
Shuningdek, yuqorida qayd etilgan qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun to`plangan hujjatlar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.
Ma`lum bo`lishicha, agentlik taqdimnomasi joriy yilning 3 iyun kuni Qibray tumani tibbiyot birlashmasi xarid komissiyasi tomonidan ko`rib chiqilib, tanlov bayoni va g`olib bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish to`g`risida qaror qabul qilingan.






