Ijtimoiy tarmoqlarda "Ohangaronda haydovchi YPX inspektori tomonidan kaltaklandi va vafot etdi" izohi bilan tarqalgan xabarlar yolg`on, deya izoh bermoqda IIBB matbuot kotibi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 20 may kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani O`zar qishlog`i hududidan o`tgan “Nurafshon-Ohangaron” avtomobil yo`lining 52 km.da Ohangaron yo`nalishi bo`ylab harakatlanib kelayotgan, “VAZ-2121” rusumli davlat raqami 10 N 526 EA bo`lgan avtomashina YHXB inspektorlari tomonidan tekshirish uchun to`xtatilganida, haydovchi 1995 y.t. G`.Sh.ning avtotransport boshqarish uchun me`yoriy hujjatlari yo`qligi aniqlangan.
Haydovchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 135-moddasi 1-qismi bilan elektron ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirish uchun Ohangaron tumani Oybuloq qishlog`i hududida YHXB inspektori boshqaruvida harakatlanib ketayotganida, avtotransport old o`rindig`ida o`tirgan haydovchi G`.Sh. avtransport eshigini ochib, o`zini avtomashinadan tashlab yuborgan. YHXB inspektorlari tomonidan haydovchi G`.Sh.ga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga etkazilganda, unga “Bosh miya ochiq jarohati, bosh miya qon quyilishi og`ir holati, bosh miya siljib sinish” tashxisi qo`yilgan.
Joriy yilning 6 iyun kuni soat 23:00 larda fuqaro G`.Sh. Toshkent shaxrida joylashgan 39-sonli shifoxonada ko`rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tekshiruv o`tkazilmoqda.
Ijtimoiy tarmoq faollaridan holat to`liq o`rganilib, vaziyatga huquqiy baho berilmagunga qadar, “haydovchi ayovsiz kaltaklangan” kabi yolg`on ma`lumotlarni tarqatmasligini so`raymiz, deyiladi xabarda.






