Joriy yilning 1 iyun kuni Andijon viloyati IIB JQB Er resurslarini talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo`limi va Andijon viloyati prokuraturasi er resurslarini talon-toroj qilinishining oldini olish bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Shahrixon tumanida yashovchi T.A. tanishi Shahrixon tumani fuqarosi Sh.I. bilan birga ekin maydonlarini sotish noqonuniy ekanligini bilsada Andijon-Shahrixon yo`lining 4 kmda joylashgan bog`dorchilik uchun ajratilgan 80 sotix er maydonini sotish maqsadida aldov yo`li bilan 1 gektar deb internet tarmog`iga e`lon berib, e`lon asosida murojaat qilgan xaridor E.R.ga 45 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo`lgani aniqlangan. Bu haqda IIV ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Shahrixon tumanida joylashgan oshxonalarning birida firibgarlik yo`li bilan xolis xaridorga oldindan kelishilgan 45 ming AQSh dollari hisobidan 400 million so`m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Shahrixon tumani IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.






