1

Bug`doy narxi qachon arzon bo`ladi?

Iqtisodiyot 07.06.2022, 23:12
Bug`doy narxi qachon arzon bo`ladi?

Mutaxassislar yangi bug`doy hosili yig`ib olinganda va birjaga takliflar ko`payganda un va non narxlari arzonlashini takidlashmoqda.                                                                                                                       

Ma`lum bo`lishicha, hozirda bug`doy o`rim-yig`imi boshlangan va 1 iyuldan yangi g`alla ham birja savdosiga chiqariladi. Statistikaga murojaat qiladigan bo`lsak, bundan avval mamlakatimizda iste`mol uchun chiqarilgan unning oylik hajmi 140 ming tonnani tashkil etgan, iyun oyida esa birja savdolariga jami 170 ming tonna un mahsulotlari qo`yilishi kutilmoqda.  

Boshqaruv raisining matbuot kotibi-axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi Xikmatullo Tillaboev quyidagi ma`lumotlarni qayd etdi:                                                                                           

–2020 yilda o`tkazilgan birja savdolariga o`rtacha 6,9 ming tonna un mahsulotlari qo`yilgan bo`lsa, bugungi kunda ushbu ko`rsatkich 10 ming tonnani tashkil qilmoqda. Ya`ni mamlakatimizda un zahiralari etarli bo`lganligi sababli birja savdolariga ko`proq miqdorda un chiqarilmoqda va un bozorlarida taklif darajasi oshmoqda.                                        

1-6 iyun kunlari O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 1-navli un bo`yicha dastlabki birja savdolari o`tkazildi. Bozorni un mahsuloti bilan tezkor to`ldirish maqsadida 4 iyun shanba kunida ham qo`shimcha birja savdolari o`tkazilgan.

O`tgan davrda “O`zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxonalar tomonidan birja savdolariga 45,0 ming tonna 1-navli un qo`yildi va ulardan 43,8 ming tonnasi, ya`ni 97% sotildi. Birja savdolarida sotilmagan qoldiq un hajmi 1,2 ming tonnani tashkil qildi.

O`tkazilgan birja savdo natijalariga ko`ra 1-navli unning o`rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 549,3 ming so`mni tashkil qildi. Bunda erkin un bozori yangi sharoitlarda o`zining barqaror muvozanatini izlamoqda.

Unning ochiq birja savdolariga o`tkazilishi, un hajmlari va bozordagi taklif darajasini oshishi natijasida ayni paytda unning bir qopi birjadan tashqari bozorlarda o`rtacha 240-260 ming so`m atrofida sotilmoqda.

Shu bilan birga, unni hududlar kesimida xaridqilish qamrovi birjada xaridorlar sonining ko`payishi hisobiga kengayib bormoqda. Xususan o`tkazilgan birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni 2 822 nafardan 4 518 nafargacha ko`paygan.

Birja vakilining ta`kidlashicha, 1 iyundan shu kungacha Qashqadaryo, Samarqand va Namangan viloyatlari hududiy kesimi xaridorlari tomonidan birjaga qo`yilgan un mahsuloti ko`proq sotib olingan. Buning sababi ushbu hududlarda aholi sonining ko`pligi bilan belgilanadi.  

 Manzura BEKJONOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1