AsosiyJamiyat

Odam DNKsi natijalarini soxtalashtirish mumkinmi?

'Odam DNKsi natijalarini soxtalashtirish mumkinmi?'ning rasmi

Odam DNKsi natijalarini soxtalashtirish mumkinmi? Nega odam DNKsini aniqlash narxi qimmat? O`zbekistonliklar eng ko`p qaysi ekspertiza uchun murojaat qilishadi? Fuqarolar uchun qiziq bo`lgan mazkur savollarga mutaxassisdan javob oldik. 

Odam DNK laboratoriyasi O`zbekistonda yagona

Aslbek Normatov, Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri:

— Markazning Odam DNKsi sudbiologik ekspertizasi laboratoriyasi hozirgi kunda mamlakatimizda DNK ekspertizasi tahlillarini olib boradigan yagona laboratoriya hisoblanadi. Ushbu laboratoriyada nafaqat sud va tergov organlari uchun ekspertiza tadqiqotlari olib boriladi, balki aholi uchun ham DNK tahlillari asosida biologik otalik, onalik, ota yoki ona liniyasi bo`yicha yaqin yoki uzoq qarindoshlik faktini aniqlash, gaplogruppani aniqlash, biologik namunalarni identifikasiya qilish kabi bir qator xizmatlar ko`rsatiladi. Bu lobarotoriya yurtimizda yagona bo`lganligi sababli ham DNK natijalari 30 kunda chiqadi.

Odam DNKsi natijalarini soxtalashtirish mumkinmi?

— Bilasizmi, odam DNKsi natijasiga fuqarolarimizda ishonchsizlik holatlari ham bo`ladi. Bu tabiiy hol. Shunday bo`lsa-da, tadqiqotlarga zamonaviy innovasiyalarni tatbiq etmoqdamiz. Bu jarayonlarda otalikni aniqlash holatlarida noroziliklar ko`proq kelib chiqadi. Bunday holatlarda sud qaroriga ko`ra qayta ekspertiza o`tkazilishi mumkin. Bunda ekspertlar guruhi o`zgartiriladi. Ammo soxtalashtirish holatlari hali kuzatilmagan. Lekin DNKni aniqlash uchun namuna bizning laboratoriyada olinmay, boshqa hududda olinib, so`ng bizga yuborilgan holatlarda chalkashliklar ro`y bergan. Bunda namunalar almashib qolingan. Laboratoriyada o`tkazilgan tekshiruvda, odatda 99,9 foiz natijalar to`g`ri chiqadi. Qon tahlillari murojaatchilarning ko`z o`ngida olinadi va konvertga solinib shifrlanadi, so`ng laboratoriyaga yuboriladi. 

Nega odam DNKsi narxi qimmat?

Bizning tadqiqotlar davomida ishlatiladigan asbob-uskunalar hammasi dunyoning eng nufuzli va aniqlik darajasi yuqori bo`lgan firmalardan olinadi. Ularning tannarxi juda yuqori. Bizning laboratoriyada oddiy tadqiqotlar bazaviy hisoblash miqdorining 10.1 baravari miqdorida, ya`ni 3 million 30 ming so`mni tashkil qiladi. Bu oddiy 5 tagacha  tadqiqotlar uchun, ya`ni so`lak yoki qon namunasini 5 ta insondan olinadi. Bu minimal tarzda belgilangan narx. Bu tadqiqotning tannarxi bo`lib, ekspertiza markazi uchun hech qanday qo`shimcha to`lov belgilanmagan.

Markazda 52 turdagi sud ekspertlik turlari mavjud

Uchqun Uzoqov, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktorining o`rinbosari:

- Markaz nafaqat sud ekspertiza tadqiqotlarini amalga oshirish, balki yangi ekspertiza turlari va uslubiyotlarni joriy etish bo`yicha ham keng ko`lamli ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda. Xususan, olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida keyingi 3 yilda sud lingvistika, sud kompyuter-texnik, sud avtomobil yo`llari, sud elektrotexnika, sud psixologik, oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi, sud-soliq, oziq-ovqat mahsulotlarini baholash ekspertizasi kabi yangi 6 ta ekspertiza turlari bo`yicha tadqiqot o`tkazish yo`lga qo`yilib, sud ekspertlik jarayoniga tatbiq etildi va natijada Markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 52 taga, mutaxassisliklar esa 71 taga etkazildi.

Eng ko`p murojaatlar sud qurilish ekspertizasiga tushmoqda

- Fuqarolardan kelayotgan murojaatlarni tahlil qiladigan bo`lsak, ko`p murojaatlar sud qurilish ekspertizasiga kelib tushmoqda. Keyingi navbatlarda odam DNKsi, sud kompyuter-texnikasi turadi. Qurilish sohasida ko`rilayotgan asosiy masala bu – uy-joylarning bozor bahosini aniqlash, murosli joylarni bo`lish, er maydonlari narxini belgilash, undan tashqari ko`pqavatli uylarni oladigan bo`lsak suv toshish holatlari yuz bersa, uning sababini aniqlash kabi vazifalarni bajaradi.

Fayzullo Yaxyoev

    Boshqa yangiliklar