AOKAda Prezident ta`lim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur savolga javob berildi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" jurnalisti Farida Egamberdieva.
Ma`lum qilinishicha, 7 mingga yaqin pedagog-kadrni yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga ishga qabul qilish rejalashtirilmoqda. Unga o`qituvchilar 3 bosqichli saralash asosida (hujjatlar qabuli, test va suhbat) ishga qabul qilinadi. 20 apreldan 20 mayga qadar job.piima.uz sayti orqali onlayn ravishda 32 476 ta hujjat qabul qilindi.
Test imtihonlari 11 iyundan boshlanadi. Unda har bir nomzodga o`zi tanlagan fan doirasida test savollari beriladi. Ikkinchi bosqichga o`tgan o`qituvchilarning telefon raqamiga va elektron pochta manziliga imtihon o`tadigan sana, manzil va vaqti haqida ma`lumotlar yuboriladi.
Imtihonlar Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining test.tdi.uz sayti orqali onlayn bo`lib o`tadi.
Ixtisoslashgan maktablarga o`qituvchilarni test asosida saralab, eng mahoratlilarini ishga qabul qilish, xalq ta`limi tizimidagi umumta`lim maktablarida tajribasiz o`qituvchilar qolib ketishiga sabab bo`lmaydimi? darakchi.uz" jurnalistining mazkur savoliga Prezident ta`lim muassasalari agentligi direktori birinchi o`rinbosari Dilshod Kenjaev javob berdi.
"Xalq ta`limi tizimidagi umumta`lim maktablaridan yaxshi o`qituvchilar ketib qolib, "yomon"lari qoladi, degan xavotir o`rinli emas. Sababi, respublikamizda xalq ta`limi tizimida 502 ming nafar pedagog faoliyat yuritadi. Biz faqat xalq ta`limi tizimidan emas, balki oliy ta`lim va professional ta`lim tizimidan ham umumiy qilib, 6640 nafar o`qituvchini saralab olamiz. To`g`ri, qaysidir maktabdan eng zo`r o`qituvchi ketib qolishi mumkin, lekin bu degani, qolgan o`qituvchilar sifatli ta`lim bera olmaydi degani emas. Bizda 6 mingta emas, 400mingdan ortiq professional o`qituvchilar bor", - deya izoh berdi Agentlik direktori o`rinbosari.






