Navbahor tumani va Buxoro shahrida ishga qabul qilish va xorijiy davlatga ishga yuborishni va`da qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Xabarda aytilishicha, Departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o`tkazilgan. Unda Navbahor tuman Tibbiyot birlashmasi kadrlar bo`limi boshlig`i X.M. fuqaro Sh. ni ushbu birlashmaga feldsher vazifasiga ishga kiritib qo`yishi evaziga 7 mln. so`mni firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga tushgan.
Shuningdek, Departament, DXX hamda IIBning Buxoro viloyati boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida yashovchi fuqaro U.E. boshqa bir fuqaro D. ning ishonchiga kirib, o`zi va singlisini tanishlari yordamida Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish masalasini 9,6 ming AQSh dollariga kelishib, shundan 600 AQSh dollari va 1 mln. so`mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






