AsosiyJamiyat

O`zbekiston xalqaro tashkilotdan 747,4 ming Shveysariya franki miqdorida qarz bo`lib qoldi

'O`zbekiston xalqaro tashkilotdan 747,4 ming Shveysariya franki miqdorida qarz bo`lib qoldi'ning rasmi

Hukumat Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqin hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro tashkilotda O`zbekiston Respublikasining ovoz berish huquqini saqlab qolish, shuningdek, mamlakatning siyosiy imijini yaxshilash maqsadida tashkilotga a`zolik badallarini to`lab berish haqidagi qarorni qabul qildi.

Qayd etilishicha, O`zbekiston hukumatining xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga a`zolik bo`yicha majburiyatlardan kelib chiqadigan badallarni to`lash bo`yicha qarzdorligi byudjet mablag`lari hisobidan alohida qaror asosida so`ndiriladi.

Shunga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining Xalqaro mehnat tashkiloti oldida O`zbekistonning a`zolik badali to`lovlari bo`yicha avvalgi yillarda yuzaga kelgan 747 ming 400 Shveysariya franki miqdoridagi qarzdorlik 2024 yilga qadar bosqichma-bosqich qoplanadi.

Mazkur qarzdorlikning 2022-2024 yillarda Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan bosqichma-bosqich qoplanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, 2023 yildan boshlab O`zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti oldidagi a`zolik badalidan qarzdorligini so`ndirish uchun zarur mablag`lar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutib borilishi belgilanmoqda.

Ma`lumot uchun, Xalqaro mehnat tashkilotiga 170 dan ortiq davlat a`zo bo`lib, O`zbekiston 1992 yil tashkilotga a`zo davlatlar tarkibiga kirgan, tashkilotning 11 ta konvensiyasini ratifikasiya qilgan.

Bu tashkilot mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash, ish bilan to`liq bandlikni ta`minlash va turmush darajasini ko`tarish, tadbirkorlar va mehnatkashlar o`rtasida hamkorlikni rag`batlantirish choralarini ishlab chiqish uchun hukumatlar, tadbirkorlar va mehnatkashlarni teng huquqlarda birlashtiradi.

    Boshqa yangiliklar