Pop tumani va Marg`ilon shahrida aholiga ajratilgan un mahsulotini sotib yuborgan MChJ va xususiy korxona rahbarlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.Z.” MChJ rahbari S.X. aholi iste`moli uchun ajratilgan 54,9 tonna 1-navli un mahsulotini boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborganligi aniqlangan.
Xuddi shunday, Marg`ilon shahrida o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.U.” XK rahbari A.A. hamda “A.R.” va “T.M.” XKlarining norasmiy rahbari M.O.lar uzoq va chekka hududda istiqomat qilayotgan aholi uchun ajratilgan 10,1 tonna un mahsulotini Marg`ilon shahri hududida boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.A., M.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o`z vakolatlarini suiiste`mol qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






