Ayni paytda Milliy matbuot markazida Mahalla - islohotlar markazi yoki aholini rozi qilish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mahalla raislarining o`rni mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tmoqda, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri.
Ma`lum qilinishicha, 9349 ta mahalla raislari lavozimiga saylovlar bo`lib o`tdi. Saylov yoshiga to`lgan 21,2 mln nafarga yaqin fuqarolarning mahallabay ro`yxati shakllantirilib, 2,5 mlndan ziyod - 12 foiz saylovchilar belgilandi.
Ko`maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlari tomonidan aholining fikrini inobatga olgan holda, Davlatimiz Rahbari tomonidan 2022 - 2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishga qodir bo`lgan 39 661 nafar, ya`ni har bir mahallaga o`rtacha 4,2 nafar nomzodlar saralandi.
Respublika komissiyasi ko`magi bilan 18-29 aprel kunlari qonunchilikda belgilangan tartibda hududiy komissiyalar bilan birga suhbatlar o`tkazilib, 26 910 nafar nomzodlar saylovda ishtirok etish uchun tavsiya etildi.
Tasdiqlangan jadvalga asosan saylov jarayonlari qonuniy va shaffof o`tkazilib, 9 349 ta mahalla raislari saylandi. Raislarning – 67,1 foizi birinchi marotaba saylandi, 32,9 foizini amaldagi raislar tashkil etdi. Ma`lumot uchun: 2019 yilgi saylovlarda 44,1 foizini amaldagi raislar tashkil etgan.
Saylangan raislarning 8832 nafari - 94,5 foizi oliy, 509 nafari -5,4 foizi o`rta-maxsus, 8 nafari - 0,1 foizi o`rta ma`lumotga ega.






