Toshkent viloyatida 7 iyun kuni 2 kishi poezd urib ketishi oqibatida voqea joyida halok bo`ldi. Bu haqda Transport prokuraturasi xabar berdi.
Aniqlanishicha, soat 06:30 da Termiz–Toshkent–Andijon yo`nalishidagi yo`lovchi poezdi Jaloyir–Kuchluk temiryo`l bekatlari oralig`ida O`rta Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasida ro`yxatda turuvchi, 1-guruh nogironi (qulog`ida nuqsoni bor) yigitni urib yuborgan.
Fuqaro o`z ehtiyotsizligi hamda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo`lgan.
Bundan tashqari, shu kuni soat 09:50 da Bo`zsuv–Chirchiq yo`nalishi bo`yicha harakatlanib ketayotgan elektrovoz Chirchiqdagi nonvoyxonada ishchi bo`lib ishlagan, do`konlarga non olib borib berish maqsadida velosiped haydab, qo`l telefonidan foydalanib o`tib ketayotgan 20 yoshli yigitni urib yuborgan.
Ushbu fuqaro ham o`z ehtiyotsizligi hamda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo`lgan. Hozirgi vaqtda yuqorida qayd qilingan holatlar yuzasidan Toshkent transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






