Prezident huzuridagi yig`ilishda ijtimoiy soha ob`ektlarida ham bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini o`rnatish muhimligi ta`kidlandi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi.
Ma`lum qilinishicha, mutasaddilarga kelgusi yil Investisiya dasturi mablag`larining kamida 15 foizini shunday qurilmalarni o`rnatishga yo`naltirish topshirildi.
Bunda, yil yakuniga qadar 2 107 ta bog`chada, 1 ming maktabda,
1 071 ta oilaviy shifokor punkti, poliklinika va shifoxonalarda, 1 ming mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari o`rnatiladi.
Shu bilan birga, 2023 yildan:
- savdo-ko`ngilochar komplekslar, madaniyat va istirohat bog`lari, restoranlar, mehmonxonalar;
- supermarketlar, do`konlar, bozorlar, savdo omborlari;
- avtomobillarga gaz va yoqilg`i quyish stansiyalari;
- aeroport, temir yo`l va avtobus vokzallari;
- xususiy ta`lim va tibbiyot tashkilotlari;
- tijorat banklari va ularning filiallari kamida 25 foiz issiq suv iste`moli va tashqi yoritishni muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.
Yig`ilishda shular bilan birga:
- barcha viloyat, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarma va bo`limlarida hamda jazoni ijro etish muassasalarida;
- barcha tuman soliq inspeksiyalari va viloyat soliq boshqarmalarida;
- barcha viloyat, tuman va shahar prokuraturalari, Bosh prokuratura Departamenti va Majburiy ijroning boshqarma va bo`limlarida;
- barcha viloyat, tuman va shahar adliya idoralari, davlat xizmatlari markazlari, FHDYo bo`limlarida;
- barcha viloyat, shahar va tuman moliya, g`azna, pensiya idoralari, sug`urta tashkilotlarida;
- kamida 1 mingta mahalla idorasi binolarida muqobil energiya qurilmalarini o`rnatish vazifasi qo`yildi.
Bugungi yig`ilishda belgilab berilgan chora-tadbirlar hisobiga joriy yilning o`zida muqobil energiya manbalari qurilmalarining qo`shimcha 1 trillion so`mlik bozori yaratiladi.
Shu munosabat bilan har bir viloyatda kamida 1 tadan shunday qurilmalarni ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish lozimligi ta`kidlandi.