Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hamda Sirdaryo viloyati IIB bilan hamkorlikda “Sirdaryo” YPX maskanida tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati darakchi.uz'ga xabar bermoqda.
Unda Qashqadaryodan Toshkent viloyati tomon kelayotgan Qarshi shahrida yashovchi, 1986 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinaning yukxonasiga yashirib qo`yilgan 4 kg. 534 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu fuqaro tojikistonlik narkosavdogar tomonidan kontrabanda yo`li bilan yuborilgan narkotik moddalarni xufiya joylarga yashirib, mijozlarga sotish bilan shug`ullanib kelgan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida uni Toshkent shahrida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan sherigi Zangiota tumanida kutib turganligi ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olindi.
Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida ularning yana bir sherigi, Qarshi shahrida yashovchi, 1980 y.t. shaxsning yashash xonadonidan 11 kg. 168 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 15 kg. 702 gr. “gashish” moddasi musodara qilindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.