Angor tumani maktabgacha ta`lim bo`limi tomonidan o`tkazilgan davlat xaridida qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda “Angor tumani maktabgacha ta`lim bo`limi 1,3 mlrd. so`mlik loyihani korxonaga tendersiz topshirdi” nomi ostida e`lon qilingan xabarda qayd etilgan davlat xaridi bilan bog`liq hujjat va ma`lumotlar o`rganib chiqildi.
O`rganish natijasida mazkur davlat xaridi bo`yicha O`zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to`g`risida”gi va “Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g`risida”gi Qonunlarining talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasining “Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g`risida”gi Qonunining 21-moddasida xo`jalik shartnomalari ularni imzolashga tayyorlash jarayonida xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning yuridik xizmati yoki jalb etilgan advokatlar tomonidan qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan tekshirib ko`rilishi kerakligi, shartnomalarni ularning imzolarisiz tuzishga yo`l qo`yilmasligi belgilab qo`yilgan.
Shunga qaramay, Angor tuman maktabgacha ta`lim bo`limi bilan 2022 yil 27 yanvarda tuzilgan shartnoma huquqiy ekspertizadan o`tkazilmasdan taraflar tomonidan imzolangan va oradan 4 oy o`tgach, huquqiy ekspertizadan o`tkazilgan.
Shuningdek, “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasida davlat xaridlarining asosiy prinsiplari (moliyaviy mablag`lardan foydalanishning oqilonaligi, ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik) belgilangan.
Shu kabi ushbu Qonunning 19-moddasida davlat buyurtmachisi davlat xaridlarini amalga oshirishda o`z rasmiy veb-saytiga yoki o`zining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, ommaviy axborot vositalariga e`lon joylashtirishi, davlat xaridlarini rejalashtirishi, bo`lajak davlat xaridlari to`g`risidagi e`lonlarni faqat moliyalashtirish manbalari va miqdorlari mavjudligi tasdiqlangan taqdirdagina maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga va ommaviy axborot vositalariga joylashtirishi shart ekanligi qayd etilgan.
Biroq, Angor tuman maktabgacha ta`lim bo`limi tomonidan ushbu talablarga rioya qilinmagan holda davlat xaridi bo`yicha shartnoma imzolangan.
Bundan tashqari, “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonunning 71-moddasiga ko`ra, davlat buyurtmachilari to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzilganligi to`g`risidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan e`tiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart.
Angor tumani maktabgacha ta`lim bo`limi tomonidan esa 2022 yil 27 yanvar kuni tuzilgan 7-sonli shartnoma maxsus elektron axborot portaliga 113 kunga kechiktirib joylashtirilgan.
Mazkur holatlar bo`yicha to`plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.