Samarqand shahridagi ko`p qavatli binoning 10-qavatidan 1,5 yoshli qizcha tushib ketib, vafot etdi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 9 iyun kuni soat 18:00 larda Samarqand shahar "Qorasuv" dahasi 81-uyda joylashgan, fuqaro A.K.ga tegishli bo`lgan 28-xonadondan A.K.ning voyaga etmagan farzandi, 19.11.2020 yilda tug`ilgan Sh.S. xonadon eshigining ochiqligi oqibatida, yo`lakchadan tashqariga chiqib, ehtiyotsizlik oqibatida xonadon joylashgan 10-qavat balkon temir panjarasi orasidan pastga yiqilib tushib, og`ir tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.
Ushbu holat yuzasidan masu`llar boshchiligida tezkor-tergov guruhi tuzilib, hodisa sodir bo`lgan joy va Sh.S.ning murdasi mutaxassis ishtirokida ko`zdan kechirilgan.
Marhuma Sh.S.ning tanasidagi tan jarohatlari va o`lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlash qarori chiqarilgan bo`lib, ammo marhumaning oila a`zolari ushbu holat yuzasidan biror kimdan da`vo shikoyatlari yo`qligi sababli ekspertiza tekshiruvi o`tkazishni rad etilgan.
Ushbu holat xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib, marhuma Sh.S.ning murdasi oila a`zolari ixtiyoriga qoldirilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






