Konstitusiyaviy komissiya huzuridagi Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan 24 soat davomida fuqarolarimizning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalarni kiritish bo`yicha takliflar qabul qilinmoqda.
Konstitusiyaviy komissiya matbuot xizmati xabariga ko`ra, 11 iyun holatiga jami 20 148 ta taklif kelib tushdi. Xususan:
• “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi orqali – 6 798;
• @meningkonstitutsiyam_bot telegram boti orqali – 3 807;
• 1341 koll-markazi orqali – 2 067;
• mahalla fuqarolar yig`inlari orqali – 1 712;
• xalq deputatlari Kengashlari orqali – 834;
• elektron pochta (taklif@meningkonstitutsiyam.uz/taklif@2022.uz) orqali – 2 258;
• fuqarolarning bevosita qabuli orqali – 2 395;
• jamoaviy takliflar – 277 ta.
Takliflarning 11 306 tasi erkaklar, 6 422 tasi esa ayollar tomonidan yuborilgan (2 420 tasi anonim).
📈 Konstitusiyaviy komissiyaga takliflarni yo`llash borasida hududlar kesimi tahlili:
• Toshkent shahri
• Andijon
• Farg`ona
• Surxondaryo
• Jizzax viloyatlaridagi fuqarolarimiz boshqa hududlarga nisbatan faol bo`lganini ko`rsatmoqda.
Takliflarning 70 foizdan ortig`i 30 yoshgacha bo`lgan yoshlardan kelib tushgan.
Ushbu jarayonda blogerlar ham o`z takliflari bilan faol ishtirok etmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda o`zining katta auditoriyasiga ega bloger Nurbek Alimov O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 37-moddasini “Mulkchilik shaklidan qat`iy nazar haftalik ish soati 40 soatdan ortiq bo`lishi mumkin emasligi, ortiqcha ish vaqti uchun qo`shimcha to`lovlar belgilanishi lozimligi yuzasidan” taklif bergan.
Yana bir huquqshunos - bloger Zafarbek Solijonov esa O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga “Ayblanuvchiga unga qarshi ko`rsatma bergan guvohlar bilan yuzlashish huquqini mustahkamlab qo`yish kerakligi”ni bildirgan.
Komissiya huzuridagi Yig`ma-axborot tahlil guruhi tomonidan Konstitusiyaga o`zgartishlar kiritish bo`yicha takliflar olimlar, mutaxassislar ishtirokida keng muhokama qilinib, norma holatiga keltirildi.
Natijada Konstitusiyamizning bir qator moddalariga oid normalar shakllantirildi.
Ularning aksariyati inson huquqlari, mazkur huquqlarning kafolatlari, oila instituti, sud hokimiyati, pedagog xodimlar, shaxsga doir ma`lumotlar muhofazasini Konstitusiyada kafolatlashga oid masalalardir.
Taklif etilayotgan normalar eng ilg`or xorijiy davlatlar tajribalarini hisobga olgan holda shakllantirildi. Xususan, 50 ga yaqin davlatlar konstitusiyalari o`rganildi.






