AsosiyJamiyat

Transplantasiya amaliyotini tumanlarda o`tkazish yo`lga qo`yildi — SSV

'Transplantasiya amaliyotini tumanlarda o`tkazish yo`lga qo`yildi — SSV'ning rasmi

Shu yildan boshlab Sog`liqni saqlash vazirligi, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot yo`nalishidagi oliy ta`lim muassasalari etakchi shifokorlari boshchiligida hududlarda sog`lomlashtirish aksiyalarini o`tkazish yo`lga qo`yildi, deya xabar bermoqda SSV.

Natijada joylarda aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklardan o`tkazilib, sayyor tibbiy qabullar orqali ularning salomatligi bilan bog`liq muammoli masalalarini joyida hal etish, Davlat tibbiy sug`urta jamg`armasi mablag`lari hisobidan yuqori texnologik operasiyalarga muhtoj fuqarolarni davolash mexanizmi joriy qilindi.

Xususan, yil boshidan buyon Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Farg`ona, Buxoro viloyatlarida 100 ming nafar aholi qamrab olingan chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklar tashkil etildi.

Sog`lomlashtirish aksiyalari doirasida:

- 40 nafarga yaqin bemorlarda buyrak trasplantasiyasi;

- 20 nafardan ziyod fuqarolarda aorta-koronar shuntlash va yurak klapanlarini sun`iysiga almashtirish;

- qariyb 20 nafar bemorda tomir orqali tug`ma yurak nuqsonlarini bartaraf etish;

- 30 nafarga yaqin kishida chanoq-son bo`g`imini endoprotezlash operasiyalari o`tkazildi.

Yurtimizda birinchi marta buyrak transplantasiya amaliyotlari tuman darajasida bajarildi.

Bunday imkoniyatdan Beruniy tumani va Andijon shahrida yashovchi bemorlar bahramand bo`ldi.  

Hozir qolgan hududlarda ham murakkab operasiyalarga muhtoj bemorlar ro`yxati shakllantirilib, ularni bosqichma-bosqich davolash rejalashtirilyapti, deyiladi vazirlik xabarida.

    Boshqa yangiliklar