AsosiyJamiyat

Senatorlar alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilinishini cheklash bo`yicha qonunni rad etdi

'Senatorlar alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilinishini cheklash bo`yicha qonunni rad etdi'ning rasmi

Bugun, 13 ibn kuni Senatning yigirma ettinchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda. 

Unda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Mazkur Qonun “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi, “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to`g`risida”gi va boshqa qonunlardagi normalarni o`z ichida mujassamlashtiradi. Shu sababli ularni o`z kuchini yo`qotgan deb topish nazarda tutiladi.

Biroq yalpi majlisda Senat a`zolari Qonunning asosiy tushunchalariga aniqlik kiritish zarurligi, kollizion normalar mavjudligi, huquqni qo`llash amaliyoti chuqur o`rganib chiqilmaganligi bois Qonunni rad etish to`g`risida qaror qabul qildi.

Rad etish uchun asosiy sabablar sifatida qator masalalar keltirib o`tildi.

Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilishning zarari to`g`risida targ`ibot-tashviqot hamda profilaktika ishlari faqatgina voyaga etmaganlar o`rtasida olib borilishi, bunday mahsulotlarni sotish va iste`mol qilish 21 yoshga to`lmagan shaxslar uchun taqiqlanishi ko`zda tutilgan. Natijada ushbu Qonun doirasida 18 yoshdan yuqori va 21 yoshga to`lmagan shaxslar qatlami chetda qolmoqda.

Shuningdek, Qonunda “nosvoy”, “tamakili snyus” va “nikotinli snyus” tushunchalari chekilmaydigan tamaki mahsulotlari doirasiga kiritilgan. Bunda “nosvoy” tushunchasining mazmuni alohida xatboshida ochib berilgan, biroq boshqa yangi turdagi chekilmaydigan tamaki mahsulotlari “tamakili snyus” va “nikotinli snyus” tushunchalari ochib berilmagan, ularning bir-biridan farqi bayon etilmagan.

Qonunda faqatgina O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tabiiy va ko`piklanadigan vinolarning reklamasiga qaysi hollarda yo`l qo`yilishi bayon etilgan. Biroq 2022 yil 7 iyundagi “Reklama to`g`risida”gi Qonunning 39-moddasida tabiiy va ko`piklanadigan vinolar bilan birga pivo reklamasiga ham yo`l qo`yilishi belgilangan. Bu esa normalar kolliziyasini keltirib chiqarmoqda. Shunga ko`ra Qonunning tegishli normasini “Reklama to`g`risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Majlisda Qonunning ahamiyati hamda bugungi kundagi dolzarbligini inobatga olib, Qonunchilik palatasi tomonidan ko`rsatilgan kamchiliklar ko`rib chiqilgach, Qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga qayta kiritilishi bildirildi.

    Boshqa yangiliklar