Avval xabar qilinganidek, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 11 iyun kuni poytaxtimizdagi "Paxtakor" stadionida U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O`zbekiston – Iroq o`yinlarini yoritishga borgan O`zMMAga a`zo "Sevimli" telekanalining muxbiri va tasvirchisiga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani haqida xabarlar keng tarqalmoqda.
O`zMMA ayni paytda mazkur holat yuzasidan o`rganishlar olib bormoqda. Bu haqda Assosiasiya matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, O`zMMA Boshqaruvi raisi Sh.Qudratxo`ja holat yuzasidan o`z munosabatini bildirib o`tdi.
"Men o`zim ham shu erda edim, kuzatuvlarim ham bor. Pandemiyadan keyingi davrmi yoki odamlarimiz anchadan beri bu darajadagi futbol ko`rmagani uchunmi, o`sha kuni odamlarda ehtiros kuchli bo`ldi. Bu esa ba`zan agressiya holatlarini keltirib chiqaradi. Tushunamiz, futbol millionlar o`yini. Lekin biz Osiyo futbol federasiyasi, sudyalari qarorlarini hurmat qilishimiz kerak. Biz o`zimizning maydonda, jamoamiz uchun jon kuydiramiz. Shu bilan birga, o`rnatilgan umumiy futbol qoidalari bor. O`zbekiston hududida bunga amal qilishimiz lozim. Bu jihatdan biz o`zimizga xos bo`lgan vazminlikni, donishmandlikni ko`rsatishimiz kerak. Afsuski, o`sha kuni muxlislarning Iroq futbolchilariga va ba`zida bizning jurnalistlarga ham suv idishlari va og`ir predmetli narsalarni otganlarini ham oqlab bo`lmaydi.
Biz futbol tomoshabini bo`lish madaniyatini o`rganishimiz kerak. Mana ko`ryapmizki, buning oqibatlari yaxshi bo`lmayapti...
Endi “Sevimli” telekanali bo`yicha... Bu haqida biz bir nechta manbalardan surishtiryapmiz. Chunki manbalar har xil ma`lumot berishmoqda. Har qanday holatda ham jurnalistga, tasvirchiga nisbatan, umuman media sohasidagi har bir odamga nisbatan kim tarafdan va qanday maqsadda bo`lsa ham, kuch ishlatish, tazyiq o`tkazish yoki tahdid qilish noto`g`ri! O`zMMA nomidan "kuchishlatar tizim"larni, o`sha kuni futbol xavfsizligiga javob bergan tizimlarni media olami va uning vakillariga bunday qilmaslikka chaqiramiz!" - deydi Qudratxo`ja.






