Avval xabar qilinganidek, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 11 iyun kuni Toshkentdagi "Paxtakor" stadionida U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O`zbekiston – Iroq o`yinlarini yoritishga borgan O`zMMAga a`zo "Sevimli" telekanalining muxbiri va tasvirchisiga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani haqida ma`lumotlar tarqaldi.
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining ma`lum qilishicha, bunday xabardan so`ng Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va IIVga so`rov yuborilgan.
Bugun, 13 iyun kuni "Sevimli" telekanalida mazkur hodisa yuzasidan uchrashuv o`tkazildi. Unda telekanal direktori Jaloliddin Safoev va boshqalar ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Zamon.uz' nashri.
Qayd etilishicha, yig`ilishda qatnashgan O`zMMA rahbari Sherzodxon Qudratxo`ja jurnalist va tasvirchiga kuch ishlatgan organ xodimlariga chora ko`rishni so`ragan.
"Biz bunday holatda zo`ravonlik va kuch ishlatishni to`g`ri deb bilmaymiz. Bunday buyon media bilan ishlanadigan tadbirlarga IIV va Milliy Gvardiya malakali, saviyali, psixologiyasi, denyoqarashi kengroq odamlarni jalb qilishsin. Men IIV dan iltimos qilardimki, bizning media xodimlarimizga nisbatan shunday kuch ishlatganlarga nisbatan chora ko`rilsin va ularga belgilangan tartibda jazo tayinlansin",-deydi u.
O`zMMA rahbari, shuningdek, ikki tomonning professional vazifasini badjarishida shunday mojarolarning kelib chiqishi hali bu sohada hali ko`p ishlash kerakligini ko`rsatishini ta`kidlaydi.
Ma`lumot uchun, IIV matbuot kotibi kaltaklangan tasvirchining holidan xabar olish uchun “Sevimli” telekanaliga kelgan. Shohruh G`iyosov vazirlikdagi islohotlarni, ularning faoliyatini jurnalistlarsiz ommaga etkaza olmasligini aytgan.
"Hozir tekshiruv o`tkazilyapti. Bizda bor bo`lgan birlamchi ma`lumotlarga ko`ra, jamoat tartibini saqlashga jalb etilgan IIV va Milliy Gvardiya xodimlari barchasi qanday holatda o`zini tutgani, vaziyatni qanay omillar yuzaga keltirgani o`rganilyapti. Albatta har bir holatga to`liq huquqiy baho berilganidan keyin aybdorlarni aniqlab, ularga nisbatan chora ko`riladi",-deydi u.






