AsosiyJamiyat

Ijtimoiy davlat deganda nimani tushunamiz? Yoxud ijtimoiy davlatchilik tajribasini ilgari surgan davlatlardagi katta ijtimoiy o`zgarishlar xususida

'Ijtimoiy davlat deganda nimani tushunamiz? Yoxud  ijtimoiy davlatchilik tajribasini ilgari surgan davlatlardagi katta ijtimoiy o`zgarishlar xususida'ning rasmi

                                                                                                                                                                   (birinchi maqola)

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Sayfiddin Jo`raev, O`zbekiston milliy universiteti professori Shahnoza Madaeva konstitusiyaviy islohotlar jarayonida ko`pchilikni qiziqtirayotgan ijtimoiy davlat tushunchasi, bugungi kundagi ijtimoiy davlatlarning modellari haqidagi mavzular yuzasidan fikr yuritishdi.

Mustaqillikning o`ttiz bir yilida, ayniqsa, keyingi besh yillikda davlatimizda jamiyat rivoji mohiyatan va shaklan jihatdan yangi bosqichga kirib bormoqda. Asosiy qonunga o`zgartishlar kiritish bo`yicha olib borilayotgan siyosiy-huquqiy harakatlar, jumladan, inson-jamiyat-davlat konsepsiyasining huquqiy rasmiylashtirilishi ijtimoiy davlat yangi paradigma sifatida jamiyatning mutlaqo yangi siyosiy-huquqiy tizimi sifatida rivojlanayotganidan dalolat bermoqda. Istiqbolda o`zimizda va jahonda taraqqiy etgan hozirgi zamon davlatchiligining tajribasi asosida yangi davlat va jamiyat shakllanmoqda. Konstitusiyaga o`zgartishlar kiritish jarayonining dastlabki tahlili shuni ko`rsatadiki, boshlangan harakatlarda keng jamoatchilikning, ayniqsa, yoshlarning faol ishtiroki kuzatilmoqda, kuniga minglab taklif va mulohazalar bildirilmoqda. Shuningdek, ushbu holatni xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham kuzatib turibdi.

Birinchidan, bu qizg`in jarayon fuqaralarning ehtiyoj va manfaatlariga mos kelgan holda o`z vaqtida sodir bo`layotgani ayon bo`lmoqda. Ikkinchidan, amaliyotda aholining davlatga, jamiyatga ishonchining yuqori darajadaligi, fuqarolar siyosiy-huquqiy islohotlarning borishidan manfaatdorligi tasdiqlanyapti. Shuningdek, bildirilayotgan fikrlar va qarashlarda turli savollar ham berilmoqda.

Jumladan, ijtimoiy davlat nima o`zi, u nimalarda namoyon bo`ladi, ijtimoiy davlatning belgilari bormi, ijtimoiy davlat qanday vazifalarni bajaradi, oldingi sosializmdan farqi bormi, bu bo`yicha umume`tirof etilgan prinsiplar yoki xorijiy tajribalar bormi, mamlakatimizda shu vaqtgacha olib olib borilgan ijtimoiy siyosatdan qanday farqi bor, boshqa yo`nalishlar bo`yicha davlatning ahamiyati pasaymaydimi, jamiyatdagi boshqa institutlarning ishtiroki va ahamiyati qanday bo`ladi, umuman bunday o`zgarishlar odamlarga nima beradi kabi savollar mavjud. Shulardan kelib chiqib, bugun biz ushbu maqolada ijtimoiy davlat tushunchasi, bugungi kundagi ijtimoiy davlatlar, ijtimoiy davlatning shaxs hayotidagi o`rni, ijtimoiy davlatning belgilari va funksiyalari haqida fikr yuritmoqchimiz.

Avvalambor shuni aytish kerakki, dunyo tajribasidan kelib chiqadigan bo`lsak, ijtimoy davlat bu jamiyatning siyosiy tashkiloti, ya`ni tom ma`noda davlatdir. Ijtimoiy davlat o`z siyosatida ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib, faoliyat yuritadi. Asosiy maqsad – jamiyatda yaratilayotgan moddiy va ma`naviy boyliklarni ijtimoiy adolat tamoyili asosida qayta taqsimlashdan iboratdir. Bunda har bir fuqaroning maishiy turmush tarzi holatini sifat jihatdan yuqori darajaga olib chiqish, aholining turmush sharoiti va sifati jihatdan tabaqalanishiga, ya`ni ular o`rtasidagi yashash uchun ketadigan sarf-xarajatlar bo`yicha farqlarning kattalashib ketishiga yo`l qo`ymaslik va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatlar tizim orqali yordam ko`rsatiladi. Boshqacha aytadigan bo`lsak, maqsad yaratilgan ne`matlardan ijtimoiy kafolatlar orqali hamma bahramand bo`lishini ta`minlashdan iborat.

Ikkinchidan, jahondagi sosial-demokratik harakatlarning asosiy mazmunini ijtimoiy davlatning yaratuvchanlik va uning vositasida aholini o`ziga jalb qilish orqali davlatni boshqarishga harakat tashkil etadi. O`z navbatida, bu usul ko`pgina davlatning konstitusiyalarida hamda boshqa qonunlarida aks etgan. Davlat tomonidan ijtimoiy kafolat iqtisodiyot (avvalambor, yirik biznes) va soliq siyosatini boshqarish orqali ta`minlanadi.

Shuningdek, bu g`oyalar va siyosat oldingi sosialistik g`oyalardan keskin farq qiladi. Sosialistik g`oyalarga asoslangan sobiq ittifoq tizimiga aholini mulksiz qilib quyish, fuqarolarning ijtimoiy kafolati faqat qog`ozlarda qolib ketishi, ijtimoiy mas`uliyat, ijtimoiy raqobatning yo`qligi xos edi. Natijada aholining ijtimoiy faolligi pasayib ketgan. Kelajakni yaratish, yangilanishga, o`zgarishlarga bo`lgan harakat qo`llab-quvvatlanmagan, natijada ijtimoiy mobillik va ijtimoiy yaratuvchanlik yo`qolib ketgan. Umuman, bu tajriba jamiyat uchun teskari natija berishini hayotning o`zi tasdiqladi. Lekin tarixning boshqa kesimida ijtimoiy davlatchilik tajribasini ilgari surgan G`arb davlatlarida katta ijtimoiy o`zgarishlar sodir bo`ldi.

Mutaxassislar tomonidan xorijiy davlatlarning ijtimoiy siyosatining tahlili natijasida ijtimoiy davlatning uchta modeli Skandivaniya , Kontinental , Amerika-Buyuk britaniya modellari ajratiladi.

Birinchidan, Shvesiya, Finlyandiya, Daniya, Norvegiya davlatlari Skandinaviya modelini o`zida namoyon qiladi. Bu mamlakatlarda davlat byudjetni qayta taqsimlash orqali ijtimoiy xarajatlarning anchagina qismini o`z bo`yniga oladi. Bu davlatlar o`z fuqarolarining ijtimoiy farovonligi, ta`lim, sog`liqni saqlash sohalariga, bolalar va yoshlarga, keksalarga ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish uchun mas`ul bo`ladi. Bu faoliyat davlat byujeti va ijtimoiy sug`urta jamg`armalari tomonidan moliyalashtiriladi. Bu ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish asosan munisipalitetlar, ya`ni mahalliy boshqaruv organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, Germaniya, Avstriya, Belgiya va Fransiyada ijtimoiy davlatning kontinental modeli yuqori darajada rivojlangan. Bu davlatlarda davlat asosan aholining muhtoj qismiga ijtimoiy yordam pullarini berishga mas`ul hisoblanadi. Lekin aholiga davlat ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish bilan shug`ullanmaydi. Ijtimoiy xarajatlar davlat va xususiy ijtimoiy sug`urta jamg`armalari tomonidan qoplanadi. Ya`ni ijtimoiy ta`minot byujetdan ajratiladigan mablag`lar hamda ish beruvchi va xodimlarning sug`urta badallaridan ta`minlanadi. 

Shunday qilib, birinchidan, Skandivaniya, Kontinental, Amerika-Britaniya modellari bo`yicha ijtimoiy davlatlarda, liberal davlatlarda davlat tomonidan ijtimoiy xarajatlarga minimal mablag`lar ajratiladi, bir vaqtning o`zida ijtimoiy yordamga muhtojlar har tomonlama o`rganiladi. Bajarilgan ish hamda tadbirkorlik bilan shug`ullanish natijasida olinadigan har tomonlama kafolatlangan daromad fuqarolarning ijtimoiy farovonligini ta`minlashning asosiy manbai hisoblanadi.

Ikkinchidan, ijtimoiy davlatning sosial-demokratik turi Skandinaviya turiga mos keladi. Bu erda moddiy ne`matlarni aholi orasida qayta taqsimlash va ijtimoiy ehtiyojga zarur xarajatlarda davlatning ustunligi mavjud.

Uchinchidan, ushbu jarayon davlat tashkilotlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan kuchli jamoatchilik nazorati asosida kuzatiladi. Shuningdek, jarayonning borishi, samaradorlikni aniqlash, vujudga kelayotgan muammolarni o`z vaqtida aniqlash va zarur qarorlar qabul qilish uchun tizimli monitoring va tahlil qilib borishning mustaqil tizimi yo`lga qo`yilgan.

To`rtinchidan, ijtimoiy davlatchilik Osiyo davlatlarida – Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvanda ham rivojlanib bormoqda. Ijtimoiy davlatchilik O`zbekistonda ham rivojlanib bormoqda. O`ziga xos yutuqlar bor. Endilikda bu tizimni Konstitusiya darajasida mustahkamlash kun tartibida turibdi (bu haqda keyingi maqolada bayon qilamiz).

    Boshqa yangiliklar