Ijtimoiy tarmoqlarda "Ertikan" suv ombor tashqi tog`oni ostidan suv sizib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holatga FVV Matbuot xizmati oydinlik kiritdi.
Ma`lum qilinishicha, Namangan viloyatining Kosonsoy tumani “Ququnboy” qishlog`ida joylashgan “Ertikan” suv omborida suv sizib chiqishi (filtrasiya) holati bo`yicha birlamchi ma`lumot 2022 yil 14 iyun kuni soat 10:35 da Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tezkor-navbatchisidan olingan og`zaki ma`lumotga ko`ra, Kosonsoy tumani “Ququnboy” qishlog`ida joylashgan “Ertikan” suv omboridan suv sizib chiqishi (filtrasiya) kuzatilgan.
Yuqoridagi holatni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tegishli tashkilot mas`ul xodimlari bilan birgalikda suv omboriga borib vaziyat o`rganilgan. “Ertikan” suv omborining 2 ta erli joylaridan (5 va 10 litr sekundiga) suv sizib chiqishi 2022 yil 13 iyun kuni soat 19:00 lardan boshlangani, damba (temir beton)ning o`zi mustahkamligi, aholiga va to`g`onga xavf yo`qligi aniqlangan.
Suv sizib chiqishini bartaraf etish maqsadida “Kosonsoy” suv omboridan suvni chiqarish to`xtatilgan, “Ertikan” suv omboridan suvni chiqarilishi “Kalbuva” va “Musa ariq” kanallari (avariyaviy tashlama) orqali 4 m.kub/sek. gacha oshirilgan (suv omboridan suvni shu hajmda chiqarilishi natijasida 2 sutka mobaynida davom ettirilishi evaziga sizib chiqayotgan suv (filtrasiya) joylari bartaraf etiladi.
Hozirda ushbu suv omborida vaziyatni kuzatib borish va ishlarni nazorat qilish maqsadida, viloyat suv omborlardan foydalanish boshqarmasi va tegishli mutaxassislardan iborat kuzatuv posti tashkil etilgan, vaziyat nazorat qilib borilmoqda.






