AsosiyJamiyat

O`zbekiston Antigua va Barbuda bilan diplomatik munosabatlar o`rnatdi

'O`zbekiston Antigua va Barbuda bilan diplomatik munosabatlar o`rnatdi'ning rasmi

Kecha Nyu-York shahrida O`zbekiston bilan Antigua va Barbuda o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risida Qo`shma kommyunike imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov hamda Antigua va Barbudaning BMTdagi doimiy vakili Uolton Alfonso Vebson imzoladi.

Antigua va Barbuda O`zbekiston bilan diplomatik aloqalar o`rnatgan 141-davlat bo`ldi. U Karib dengizining g`arbiy qismida joylashgan, Britaniya Hamdo`stligi, shuningdek, Amerika davlatlari tashkilotiga a`zo.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasidagi aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Hamkorlikning o`zaro manfaatli yo`nalishlarini belgilab olish uchun ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Hujjatning imzolanishi O`zbekistonning Karib havzasi davlatlari bilan o`zaro hamkorligini kengaytirish yo`lidagi muhim qadam bo`ldi.

Qo`shma bayonotni imzolash marosimidan so`ng Uolton Alfonso Vebson “Dunyo” axborot agentligiga qisqacha intervyu berdi:

– Men uchun Antigua va Barbuda hukumati nomidan O`zbekiston elchisi bilan birga ushbu shartnomani imzolash katta sharafdir. Mamlakatimiz hukumati butun dunyo bo`ylab munosabatlarni kengaytirishdan mamnun. O`zbekiston biz uchun global hamkor hisoblanadi.

Ushbu kelishuv Antigua va Barbuda hamda O`zbekiston xalqlari o`rtasidagi ijtimoiy va madaniy rishtalarni mustahkamlashga yordam berishiga ishonamiz. Shuningdek, iqtisodiy yo`nalishda ham aloqalarimiz chuqurlashadi, deb umid qilamiz.

    Boshqa yangiliklar