Xabaringiz bor, so`nggi vaqtlarda O`zbekiston va Turkiya o`rtasida avia-parvozlar soni ortmoqda. Rossiya-Ukraina munosabatlari keskinlashganligi, Turkiyaga sayyohlar oqimini oshganligi sababli avia-chipta narxlarining ko`tarilishi kuzatilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining xabariga ko`ra, ayrimlar ushbu vaziyatdan unumli foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali charter reyslar tashkil etilayotganligini e`lon qilib, arzon narxda chipta borligini aytmoqda.
Qayd etilishicha, bu yolg`on va haqiqatga mutlaqo to`g`ri kelmaydi.
"Turli xildagi Telegram, Watsap, Instagramdagi reklamalarga ishonib, soxta biletlar sotib olayotgan fuqarolar ko`plab uchrab turganligini bildirib o`tamiz. Bosh konsulxona sizlardan bu kabi aldovlarga uchmaslikni, O`zbekiston va Turkiya havo yo`llarining ofislari, ularning rasmiy internet saytlari yoki boshqa qonuniy ro`yxatdan o`tgan firmalar orqali chipta sotib olishni tavsiya etadi. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar olib borayotgan shaxslar to`g`risida Bosh konsulxonaga ma`lumot berish orqali boshqa vatandoshlarimizni ham firibgarlarlik qurboni bo`lishliklarini oldini olishga o`z xissangizni qo`shing! Aldov va firibgarlikni o`ziga kasb qilib olgan fuqarolarga tez orada qonun oldida javob berish muqarrar ekanligini eslatib o`tamiz"-deyiladi xabarda.






