Ayron ajoyib chanqoqbosdi ichimlik hisoblanib, uni jazirama paytlarida ichish tanaga huzur bag`ishlaydi. Organizmda yo`qotilgan suyuqlik, mineral va vitaminlar o`rnini qoplash, hatto ayron yordamida ochlikni engish mumkin. Ushbu ichimlik ovqat hazm qilish tizimini, ichaklar mikroflorasini yaxshilaydi va shu yo`l bilan immunitetni kuchaytirishga yordam beradi.
Dietologlarning so`zlariga ko`ra, ayronni xush ko`ruvchi insonlarda disbakterioz kamdan-kam uchraydi, chunki uni muntazam iste`mol qilish ichaklardagi mikroorganizmlar faoliyatini normallashtiradi. Ayron o`pkaga kislorod oqimini ta`minlash orqali nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Shu sababdan u bronxial astma, pnevmoniya va bronxitdan aziyat chekayotgan bemorlarga shifokorlar tomonidan tavsiya etiladi.
Bir qancha foydali xususiyatlarga ega bo`lgan ushbu ichimlikni yoz fasli boshlanishi bilan barcha bozorlarimizda, yo`l yoqalarida va dam olish maskanlari yaqinidan topish mumkin. Bunday noma`lum sharoitda tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifatiga kafolat bormi?
Ana shularni o`rganish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent viloyati boshqarmasining hududiy bo`limlari tomonidan joylarda nazorat tadbirlari o`tkazildi. Jumladan, Angren shahar bo`limi xodimlari "O`zbekiston Mustaqilligi" ko`chasining yurish yo`lagida uy va noma`lum sharoitlarda tayyorlangan ayron mahsuloti sotilayotganini aniqlandi. Bundan tashqari, "Dehqon bozori"ga yondosh hududlarda ham shu kabi holatlar aniqlanib, sotuvchilarga ogohlantirish xatlari taqdim etildi.
Shuningdek, Chirchiq shahar "Markaziy dehqon bozori" va markaziy ko`chalarida ham reyd tadbirlari amalga oshirildi. Natijada, ikkita holat yuzasidan noqonuniy ravishda, ya`ni maxsus kiyimsiz g`hamda tibbiy ko`rikdan o`tmagan holda hech qanaqa ruxsatnomasiz qo`lbola usulda tayyorlangan idishlarda sotilayotgan "Andijon muzqaymog`i" savdosiga chek qo`yildi.






