2022 yil 23 iyundan boshlab 5/6-sonli “Toshkent – Samara – Toshkent” yo`nalishida yo`lovchi poezdining harakatlanishni boshlanadi, deya xabar bermoqda "O`zbekiston temir yo`llari" AJ Axborot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 5/6-sonli “Toshkent – Samara – Toshkent” poezdi haftaning payshanba kuni soat 19:05 da “Toshkent-Markaziy” temir yo`l vokzalidan jo`nab ketadi va shanba kuni soat 18:14 da Rossiya Federasiyasining “Samara” temir yo`l vokzaliga etib boradi. Shuningdek, Samaradan yakshanba kuni soat 16:11 da jo`nab ketib, “Toshkent-Markaziy” vokzaliga seshanba kuni soat 16:56 da etib keladi.
Ma`lumot uchun: Toshkentdan Samaragacha temir yo`l orqali bo`lgan masofa 2271 km.ni tashkil etadi. Poezd 48 soat davomida harakatlanadi. 5/6-sonli “Toshkent – Samara – Toshkent” yo`nalishida yo`lovchi poezdi 11 ta vagondan iborat: 3 kupe, 7 platskart va vagon-restoran.
Chipta narxi to`g`risidagi ma`lumotni, sotuv muddatiga qarab chegirmalarni hisobga olgan holda www.chipta.railway.uz, www.e-ticket.railway.uz saytlari orqali bilib olish mumkin (Eslatib o`tamiz, elektron chipta sotib olish arzonroq bo`ladi, negaki kassa badali to`lanmaydi).
Shuningdek, ma`lum qilinishicha, 2022 yil 20 iyundan boshlab 301/302-sonli “Dushanbe – Toshkent — Dushanbe” yo`nalishida yo`lovchi poezdi harakatlanishni boshlaydi.
Mazkur poezd Dushanbedan haftaning dushanba kunlari jo`nab ketadi va seshanba kunlari soat 13:43 da Toshkentga etib keladi.
Toshkentdan haftaning har seshanba kuni soat 16:15 da jo`nab ketib, Dushanbega chorshanba kuni etib boradi.
Ma`lumot uchun: Toshkentdan Dushanbegacha temir yol orqali bo`lgan masofa 916 km.ni tashkil etadi. Poezd 21 soat davomida harakatlanadi.
301/302-sonli “Dushanbe – Toshkent — Dushanbe” yo`nalishida yo`lovchi poezdi 10 ta vagondan: 4 kupe, 5 platskart va vagon-restorandan iborat.
Sotuv muddatiga qarab chegirmalarni hisobga olgan holda chipta narxi 381.476 so`mdan boshlanadi.






