Jangir – Xan nomidagi G`arbiy Qozog`iston Agrar – Texnika Universiteti mutasaddilaridan iborat delegasiya ayni kunda Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar Universitetida mehmon bo`lib turibdi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar berdi.
Qozog`iston delegasiyasi a`zolari O`quv ishlari bo`yicha prorektor, q.x.f.doktori, dosent Nurken Gubashev, Talabalar bilan ishlash Markazi direktori Beybitjan Rahimgaliev, Xalqaro hamkorlik bo`limi boshlig`i Laura Dushaevalardan iborat.
11 iyun kuni kechki reys bilan Samarqand zaminiga etib kelgan qozog`istonliklar dam olish kunida qadim va ko`hna shaharning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildilar.
Qayd etilishicha, 13 iyun kuni tashrifdan ko`zlangan asosiy maqsad o`laroq, Universitet hayoti bilan yaqindan tanishishni boshladilar. Mehmonlar SamDVMChBU prorektorlari, A.Elmurodov, A.Daminov, A.Gapparov, shuningdek Xalqaro aloqalar bo`limi boshlig`i J.Yo`lchiev va boshqa ta`lim maskani mutasaddilari tomonidan ehtirom bilan kutib olingan.
Uchrashuv davomida har ikki oliy ta`lim muassasalari mutasaddilari o`z OTMlari haqida gapirib berishdi. Jangir – Xan g`arbiy Qozog`istonning Uralsk shahrida joylashgan nufuzli oliy ta`lim maskani hisoblanib, ayni kunda Universitetda 9000 nafardan ziyod talabalar tahsil olishadi. Maskan qishloq xo`jaligi va texnikaga oid 36 turdagi mutaxassislarni tayyorlaydi.
Oliy ta`lim muassasalari o`rtasida qo`shma ta`lim dasturlarini tashkil etish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tashrif davomida qozoq birodarlarimiz Universitetda faoliyat ko`rsatayotgan o`quv va ilmiy laboratoriyalar bilan tanishdilar.
Tashrif joriy yilning 16 iyun kuniga qadar davom etadi, deyiladi xabarda.






