AsosiyJamiyat

2 million so`m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million so`m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz — Prezident

'2 million so`m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million so`m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz — Prezident'ning rasmi

Prezident yig`ilishda Shirin shahri energetika kollejidagi tajribaga to`xtaldi. Kollejda Saudiya Arabistonining “ACWA power” kompaniyasi buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yilgan. Kompaniya 2,8 mln dollarga zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hozirgi kunda kompaniya buyurtmasi asosida 140 nafar yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan.

Viloyat hokimlariga Oliy ta`lim vazirligi va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda shu tajriba asosida har bir tuman, shahar kesimida:

-  yirik ish beruvchilar va xorijiy korxonalar bilan muzokara olib borib, texnikumlarni yirik sanoat korxonalari va klasterlarga biriktirish;

- har bir viloyatda kamida 2 tadan texnikumda xalqaro ta`lim dasturlarini joriy etish topshirildi.

Ayrim texnikumlarga bir yilda 2 marta qabul tashkil etish amaliyotini boshlash vazifasi qo`yildi.

Bandlik vazirligiga o`tayotgan 70 ta muassasa negizida monomarkazlar, shundan 25 tasini joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish shartligi qayd etildi.

Mutasaddilarga professional ta`lim pedagog va ustalari uchun munosib sharoit qilib berish, ularning kasbiy mahoratini oshirib boradigan tizim yaratish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

“Ochiq aytish kerak, 2 million so`m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million so`m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz”, dedi Prezident.

Shu bois, kelgusi yil 1 yanvardan:

- professional ta`limdagi pedagog va ustalar oyligi o`rta maktab o`qituvchilariga tenglashtiriladi;

- o`qituvchilar malaka toifasi uchun to`lanadigan ustama o`rtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi;

- erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor pedagog kadrlarning oyligiga 50 foizgacha ustama to`lash joriy etiladi.

Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qo`shimcha 150 milliard so`m ajratiladi.

Shu bilan birga, professional ta`lim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratiladi.

Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o`rniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar